Poytaxt IIBB hamda hududiy tuzilmalari tomonidan o‘tkazilayotgan “Xavfsiz kibermakon” tezkor-profilaktik targ‘ibot tadbirlarida hech bir mahalla, idora-tashkilot va muassasalar, o‘quv dargohlari eʼtibordan chetda qolayotgani yo‘q. Holbuki, unda ko‘tarilayotgan mavzular nafaqat yurtimizda balki jahon miqyosida o‘zining dolzarbligi va muhimligi bilan eʼtiborga loyiqdir. Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi, chegara bilmas ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilarning cheklanmaganligi bu boradagi ijobiy sifatlar qatorida uning insoniyatga yetkazayotgan tahdid va xavfini ham namoyish etmoqda. Kibermakondagi jinoyatlarga qarshi kurash, himoya immunitetini kuchaytirish, fuqarolarimizni, ayniqsa yoshlarni nopok kimsalar tomonidan yoshlar hayoti, ongini zaharlashga qaratilgan xavfli havola va kontentlardan asrash, ogohlantirish, unga qarshi kurashish yo‘l-yo‘riqlarini tavsiya etish maqsadida poytaxtning Yakkasaroy tumani IIO FMB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish bo‘linmasi masʼullari tomonidan tumanda joylashgan Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti maʼmuriyati, ishchi-xizmatchilari bilan uchrashuv tashkillashtirildi. Tadbirda qatnashgan tuman IIO FMB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni oldini olish bo‘linmasi boshlig‘i A.Sidikov, inspektorlar: B.Tangirov va A.Mamayusupovlar yuqoridagi mavzularni amaliyotdagi aniq misollar yordamida yoritib, ularning salbiy oqibatlari, qonunda belgilangan jazolar haqida so‘z yuritdilar. Shuningdek, internet orqali sodir etilayotgan jinoyatlarning keng tarqalayotgan turlari va usullari haqida tushuntirishlar berib, himoyalanish choralari bo‘yicha tavsiyalar va yo‘l-yo‘riqlarga eʼtiborni qaratishdi. Uchrashuv so‘ngida ishtirokchilar maʼruzalarni tinglash chog‘ida tug‘ilgan mavzuga oid savollariga batafsil javoblar olishdi. Bu kabi tadbirlarda ishtirokchilar tomonidan berilayotgan savollarlardan kelib chiqib aytish mumkinki, mavzularga o‘z vaqtida eʼtibor qaratilib, choralar belgilanmoqda.