Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni nishonlandi
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Mazkur bayram munosabati bilan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxt IIBB Axborot multimedia markazi, Yo‘l harakati xavfsizligi hamda Qo‘riqlash boshqarmalarining Axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etishdi.
Poytaxt IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev axborot xizmati jamoasini kasb bayrami bilan tabriklar ekan, o‘z tabrik so‘zida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, IIO xodimlarining faoliyati va erishilayotgan yutuqlarni aholi orasida keng yoritilishida ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta ekanligini ta’kidladi. Jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish yo‘lidagi eng muhim omil bu ularning profilaktikasidir. Axborot xizmatlari tomonidan tayyorlanayotgan media-mahsulotlar: huquqiy, ijtimoiy-profilaktik mazmundagi video materiallar va maqolalar fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, ular orasida profilaktikani kuchaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, tizim xodimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar, sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar, ularning huquqiy oqibatlari, sodir etilish sabablari yoritilishi – aholini qonunbuzarlik yo‘liga kirib qolishdan asraydi, viktimologik omillar aholiga yetkazilishiga xizmat qiladi. Ichki ishlar organlari tizimidagi axborot xizmatlari xodimlari ham tunu kun xalq xizmatida bo‘lib, o‘z kasbiga sadoqati va fidoyiligini doimiy ravishda namoyon qilib kelishligi rahbariyat tomonidan alohida e’tirof etib kelinishi ta’kidlandi.
Poytaxt IIBB tizimlarining Axborot xizmati va multimedia markazi xodimlarining mehnatlarini yuksak e’tirofi sifatida ularga Ichki ishlar vazirining buyrug‘i asosida berilgan esdalik sovg‘asi va ko‘krak nishoni, shuningdek Bosh boshqarma boshlig‘ining tashakkurnoma va pul mukofotlari tantanali tarzda topshirildi.