23 Dekabr 2024 Yil 121

Masʼuliyatsiz ota

Odatda farzandli boʻlgan otalar oʻz manfaatlari, huzur-halovati, tinchligidan koʻra farzandlari baxt-iqboli, saodati haqida qaygʻurishadi. Avvallari haralla-taralla yurgan boʻlsa-da, farzandi dunyoga kelgach, aql-hushini yigʻishtirib oladi, oʻz xatti-harakati, yurish-turishiga eʼtibor beradi. Baʼzi nomaqbul ishlardan oʻzini tiyadi. Har ishda farzandlariga oʻrnak boʻlishga intiladi. Oʻgʻil-qizlarining oʻzgalar oldida behurmat va oʻksik boʻlishini xohlamaydi. Bu ota-bobolarimizdan meros odat deymizmi, otalik vazifasi, qoidasi deymizmi, har holda katta masʼuliyat ekanligi aniq. Biroq hamma otalar ham unday emas. Buni 1992 yilda tugʻilgan toʻrt nafar voyaga yetmagan farzandning otasi boʻlmish Mavlonjon misolida koʻrishimiz mumkin. “Qahramon”imiz muqaddam 2012-yilda bosqinchilik jinoyati uchun 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Ammo 2014 yilda eʼlon qilingan amnistiya qaroriga koʻra muddatidan oldin jazodan ozod qilingan. Biroq bundan oʻziga kerakli xulosa chiqarmagan Mavlonjon 2016, 2018, 2022-yillarda bezorilik, giyohvand moddalari isteʼmoli, oʻgʻirlik kabi jinoyatlarni sodir etib, xavfli retsidivist maqomini olganligiga qaramay, tavba qilib, tuzalish yoʻlini tanlamadi. U 2023-yilning 11-martida kuni bilan uyda oʻtirib, kech soat 19.00larda koʻchaga chiqdi. Sergeli bozoriga borish uchun taksi toʻxtatdi. 1992 yilda tugʻilgan Bahrom boshqaruvidagi “Spark” avtomashinasining old oʻrindigʻiga oʻtirib, haydovchi bilan endi suhbatni boshlagan ham ediki, 300 metr ham yurmay tushib qolishini aytdi. Bahromjon gʻalati yoʻlovchining gʻalati qiligʻidan hayron boʻlib, yoʻlida davom etdi. Oradan yarim soat oʻtar-oʻtmas oilasiga qoʻngʻiroq qilib, kechroq borishidan ogohlantirmoqchi boʻlganida, yangi 2.500.000 soʻmlik “Samsung A 32” uyali telefonini topolmay qoldi. Ana shundagina gʻalati yoʻlovchisining shoshilib yoʻlda tushib qolgani sababini fahmladi. Vaqtni boy bermay Uchtepa tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qildi. Mavlonjon esa oʻgʻirlagan telefonni oʻzimniki deya ishontirib, begona shaxsga 700.000 soʻmga sotib yubordi.
– Mavlonjon oʻz jinoiy harakatlarini yashirish maqsadida, telefonni topib olganligini roʻkach qildi, – deydi Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, leytenant Ismoil Gʻafforov. – Biroq uning bahonasi oʻtmadi. Dalillar oldida aybini tan olishga majbur boʻldi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida R.Mavlonjonning qilmishini koʻrib chiqdi va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (Oʻgʻirlik) bilan aybli deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech