13 Mart 2026 Yil 317

Maqsad: yoshlar istiqbolini yaratish

Yoshlik davri – g‘o‘rlik davri deb bejizga aytilmaydi. Bu davrda his-tuyg‘ular oqimini jilovlay olmay, oqni qoradan ajratishga qodir bo‘lmagan, nopok kimsalarning g‘araz to‘rlariga ilinib qing‘ir ishga qo‘l urib, afsus-nadomat chekayotgan yoshlar ham yo‘q emas. Ammo xatosini anglab, to‘g‘ri yo‘lni tanlagan yoshlar uchun barcha imkoniyat va imtiyozlar eshiklari hamisha ochiq. Joriy yilning 24 fevralida Prezidentimizning yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida har haftaning payshanbasini “Yoshlar kuni” deb belgilangani yoshlar bilan ishlash, ularning muammo va murojaatlarini o‘rganish borasidagi ishlarni yanada jadallashuviga turtki bo‘ldi. Ushbu yoshlar kuni munosabati bilan poytaxtimizning Shayxontohur tumanida joylashgan “Sarxumdon” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi sudyasi A.Mirzaxanov, S.Hasanovlar ishtirokida sayyor sud majlisi hamda yoshlar bilan profilaktik uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limi boshlig‘i S.Eshankulov ham qatnashib, sodir etgan jinoyatlari uchun chin pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘lini tanlagan o‘ndan ortiq yoshlar bo‘yicha tayyorlangan hujjatlarni taqdim etdi. O‘tkazilgan savol-javoblar, mahkumlarning xulqi bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlar chuqur o‘rganib chiqilib, Respublika Jinoyat kodeksining 73-moddasiga binoan ularning 11 nafari jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Shuning bilan birga yoshlarga o‘z baxtli kelajagini yaratish, foydali mehnat bilan shug‘ullanish, jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topish bo‘yicha yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, amaldagi ijtimoiy-maishiy, tibbiy dasturlar haqida ma’lumotlar berildi. Yoshlarni qayta jinoyat sodir etmaslik, huquqiy savodxonligini oshirish borasida o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar poytaxtimizning barcha tumanlarida tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech