Maqsad: yoshlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish
Hududda jinoyatchilikni oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida targ‘ibot-tashviqot olib borish ichki ishlar organlari faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Toshkent moliya institutining talabalari bilan o‘tkazilgan uchrashuv ham buni tasdiqlaydi.
Tadbirda Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi va Yunusobod tumani IIO FMB masʼul xodimlari, boshqa mutasaddi tashkilotlardan vakillar, taʼlim muassasasi talabalari ishtirok etdi.
Uchrashuvda 2003 yilda tug‘ilgan K.Otabek tomonidan sodir etilgan talonchilik jinoyati muhokama qilindi. So‘zga chiqqan IIBB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari D.Axmedov tomonidan jinoyat tafsilotlari aytib berildi. Jumladan, K.Otabek 2024 yil 18 yanvar kuni Chilonzor tumanida fuqaro F.M.ning uyali telefonini qo‘ng‘iroq qilib olish vaji bilan olib, ochiqdan-ochiq talon-taroj qilib, voqea joyidan qochib ketganligi, mazkur holat yuzasidan K.Otabekka nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi (“Talonchilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va tergov harakatlari olib borilayotganligi maʼlum qilindi.
Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, yoshlar tomonidan bu kabi jinoyatlarning sodir etilishiga asosiy sabablardan biri yaqinlari, ota-onasi tomonidan farzandi qayerda yurganligi, nimalar bilan bandligi, kimlar bilan do‘stlashayotganligiga eʼtibor bermasligi, farzandi qarovsiz qolib ketayotganligidadir. Yoshlar tomonidan arzimagan pul uchun o‘z kelajagiga tamg‘a bosayotganligi esa yana-da achinarli holatdir.
Tadbirda so‘zga chiqqan mutasaddilar yoshlar, xususan talabalar tomonidan sodir etilayotgan qonun buzilish holatlari har birimizni tashvishga soluvchi, mulohazaga chorlovchi masala ekanligini taʼkidlashdi. Yoshlar o‘rtasida qayd etilayotgan jinoyatlar, jumladan talonchilik, firibgarlik, o‘g‘rilik kabi holatlarning hamda kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tushuntirishlar va tavsiyalar berildi. Yig‘ilish so‘ngida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, yot g‘oyalar taʼsiriga tushib qolmasligi uchun maʼnaviy-maʼrifiy chora-tadbirlarni, Vatanga muhabbat tuyg‘usini kuchaytirish maqsadida tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.