10 Sentyabr 2024 Yil 1247

Mashina emas, niyat buzuq

         Mo‘may, ter to‘kmay pul topish ilinjida bo‘lganlar bu yo‘lda nimalarni o‘ylab topmaydi, deysiz. Bozorning u rastasidan mol olib ustiga yana qo‘shimcha narx qo‘yib bu rastasida sotayotganlar qancha. Abrorga bu usul yoqib qoldi. Farqi: olib-sotarlar pulni olib buyumni xaridorning qo‘liga tutqazishadi, Abror esa pulini olib buyumni bermaslikni rejalashtirdi. 2021 yilning fevral oyida tanishi M.Mirzarahimovdan oyiga 300 AQSH dollari berish sharti bilan “Spark” avtomashinasini ijaraga oldi. Shu zahotiyoq avtomashinani ijaraga berish haqida ijtimoiy tarmoqlarga eʼlon berdi. Uning firibiga U.Umid ilindi. Umiddan kafolat puli tariqasida 500 AQSH dollari oldi va oyiga 1.200.000 so‘mdan to‘lanishiga kelishildi. Keyingi ish – notarial idora orqali ishonchnoma rasmiylashtirish.


         – Abror  kafolat pulini olib, avtomashinani rasmiylashtirish u yoqda tursin, uni xaridorga ko‘rsatgani ham yo‘q, –- deydi Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant F.Usmanov. – Avval Umidga avtomashina buzilib qolganini bahona qilib yurdi, keyin esa qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qochib yurgan. Aldanganini bilgan Umid ichki ishlar idoralariga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.


          Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi E.Abrorning qilmishlariga qonuniy baho berib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan (“Firibgarlik”) aybdor, deb topdi. Uning  ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi, yetkazilgan zarar qoplanganligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligini inobatga olib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech