Mahallalarda xavfsizlikni taʼminlash jarayonlariga ilmiy yondashilmoqda
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, fuqarolarimiz osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlashga Prezidentimiz tomonidan katta eʼtibor qaratilmoqda. Chunonchi, bu borada qator tizimlar yaratilib hayotga tadbiq etilmoqda. Xususan, joriy yilning yanvarida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qabul qilingan Yurtboshimizning qarorida “Huquq-tartibot idoralarining ilmiy tashkilot va taʼlim muassasalari tomonidan jinoyat sodir etilgan mahallalarda ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganishlar o‘tkazilishi belgilangan.
Kuni kecha Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muhokama o‘tkazildi. Uchrashuv jarayonida qayd etilishicha poytaxtning Yakkasaroy tumanida uchta “qizil” toifadagi hamda Olmazor tumanidagi kriminogen holati og‘ir hisoblangan to‘qqizta mahallalarda mutasaddilar tomonidan o‘rganishlar olib borilib “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi. Mazkur mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga masʼullar biriktirilib, chora-tadbirlar belgilandi. Natijada joriy yilning 7 oyi mobaynida mahalla “yettiligi” va masʼullar ishtirokida qarorning mazmun-mohiyatini o‘rganish hamda samarali ijrosini taʼminlash bo‘yicha 1 388 marotaba o‘quv seminarlari tashkillashtirildi. 39 467 nafar shaxslarga ijtimoiy profilaktika yo‘nalishida xulosalar berilib, shundan 32 875 nafarining muammolari hal etilib, qo‘shma xulosalar rasmiylashtirildi. Ko‘p qavatli uylarning hovlilariga 499 ta, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga 397 ta, maktablarning ochiq sport maydonlariga 203 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 770 ta, savdo markazlari va bozorlarga 399 ta hamda boshqa obyektlarga jami yetti mingdan ortiq videokuzatuv kameralari, 3 249 ta “tashvish” tugmalari o‘rnatildi. Ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 6 428 ta zamonaviy domofon komplekslari, 8 904 ta uylar, 2 330 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari “Qo‘riqlash” xizmati tomonidan texnik qo‘riqlovga olindi. Amalga oshirilgan ishlar qatorida profilaktika inspektorlari, mahalla “yettiligi”, masʼullar tomonidan yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchilik va nuqsonlar ham ko‘rsatib o‘tildi. O‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mahallalarni “yashil” toifaga o‘tkazish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, aniq ijro muddatlari belgilandi. Belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi mahallalarda kriminogen vaziyatni moʻtadillashtirish, namunali mahallalar darajasiga ko‘tarishga xizmat qilishi begumon.