7 Oktyabr 2024 Yil 341

Mahalla tinchligi – el tinchligi

Maʼlumki, joriy yilning 20 sentyabridan Toshkent shahri hududida giyohvandlik va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurash oyligi boshlangan. Oylikning samarali o‘tishini taʼminlash maqsadida, joylarda keng aholi qatlamlarini qamragan holda profilaktik-tushuntirish, hushyorlik va ogohlikka chaqirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Shunday tadbirlarning biri Chilonzor tumanidagi “Katta qozirobod”, “Katta Olmazor” va “Qozirobod” mahallalarida ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mahalla raislari, mahalla yettiligi, faollari, ko‘chaboshi, uyboshilari hamda mahalla ahli ishtirok etishdi. Yig‘ilganlar oldida tuman IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari, IIB boshliqlari, profilaktika inspektorlari va sohaviy xizmatlarning mutasaddi xodimlari giyohvandlik moddalarining tarqatilishi va isteʼmoliga qarshi kurashning qanchalar jamiyatimiz uchun  muhim ekanligi borasida maʼruza qilishdi. Giyohvandlikka, psixotrop dori vositalari isteʼmoliga ruju qo‘yganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, barbod bo‘layotgan oilalar, nuqsonli tug‘ilayotgan farzandlarning ayanchli taqdiri misollar tariqasida keltirib o‘tildi. Shuningdek, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda  fuqarolarga katta-katta maoshli ish taklif  qilib, giyohvandlik moddalarini ko‘rsatilgan manzillarga хufyona joylashtirib kelishga jalb qilib, jinoyatga undash holatlari ham taʼkidlanib, yoshlar va o‘smirlarning yurish-turishi, nima bilan mashg‘ul ekanligi bilan qiziqish, yon-atrofdagilarning xatti-harakatlaridan ogoh bo‘lishga chaqirildi. Maʼruzachilar giyohvandlik va psixotrop moddalarini tayyorlash, saqlash, tashish, sotish, isteʼmol qilish kabi harakatlar uchun qonunda belgilangan jazo haqida yig‘ilganlarga maʼlumot berishdi. Yig‘ilganlarga  oylikda faol qatnashib, mahallani tinchlik-osoyishtaligini saqlash, mahallani huquqbuzarliksiz mahallaga aylantirishga o‘z hissalarini qo‘shish borasida takliflar berildi.


Barcha yangiliklar

Text to speech