Shahri azim Toshkentni tinch va farovon shaharga aylantirish, poytaxt hududida osoyishtalik, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka barham berish, huquqbuzarliklarning oldini olish Toshkent shahar IIBB tizimlari sohaviy xizmatlarining asosiy vazifalaridan. Har bir sodir etilgan huquqbuzarliklarni jamoatchilikka yetkazish, ular ishtirokida jamoaviy ta'sir choralarini qo‘llash, fuqarolarning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga murosasizlik hissini shakllantirish maqsadida ularni muhokama etish jarayoni o‘z samarasini bermoqda. Bunga misol tariqasida kuni kecha poytaxtning Sergeli tumani “Qipchoq” mahalla fuqarolari yig‘inida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishni keltirish mumkin. Yig‘ilishda mahalla hududida sodir etilgan talonchilik jinoyati mahalla yettiligi, faollari hamda mahalla ahli ishtirokida keng muhokama etildi. Voqea tafsiloti haqida xabardor etilgan yig‘ilganlar nafaqat mazkur jinoyat, balki bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, shu yilning yanvarida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlab, oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini ta'minlash borasida ham taklif va mulohazalari bilan bo‘lishishdi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar o‘rganilib, mas'ul xodimlarga tegishli vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, kelgusida bu kabi jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mahalla hududidagi 21 ta yoritish chiroqlarni almashtirish, 14 ta yangi chiroqlar hamda 50 taga yaqin videokameralar o‘rnatish, profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, doimiy xavfsizlikni ta'minlash maqsadida qo‘shimcha Patrul-post xizmati ekipajini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.