Respublikamiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish to‘g‘risidagi Prezidentimiz qabul qilgan qarorining mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, poytaxt mahallalarida qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, mahallalarning kriminogen holatini o‘rganish, mahalla raislari, faollari, “yettiligi”, mas’ullarni jalb qilgan holda hamkorlikda ish rejalarini belgilash, amaliy chora-tadbirlar qabul qilish hamda ijrosini ta’minlashga e’tibor kuchaytirilmoqda. “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida belgilangan tadbirlarning ijrosini ta’minlash: jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash orqali hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga erishish yo‘lida tizimli ravishda mahallabay uchrashuv va yo‘riqnomalar o‘tkazilmoqda. Shu maqsadda Yangihayot tumani IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik Sarvar Jo‘rayev, tuman prokurori Tohirjon Husanovlar kriminogen vaziyati og‘ir hisoblangan “Yorqinhayot” va “Xushnud” mahallalarida bo‘lib, hududdagi kriminogen vaziyat bilan yaqindan tanishdilar. Mahalla faollari, “yettiligi”, mas’ullar bilan vaziyat bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazildi. “Yorqinhayot” mahallasida 45 ta, “Xushnud” mahallasida 60 ta xonadon o‘rganildi. Har ikki mahallaning 16 nafar fuqarosi ishga joylashtirildi, 60 ga yaqin fuqaroning o‘z-o‘zini band qilish orqali bandligi ta’minlandi. O‘ndan ortiq shaxslar bilan profilaktik-tushuntirish ishlari olib borildi. 15 ga yaqin yoshlar kasb-hunarga o‘qitilib, besh tashabbus olimpiadasiga jalb etildi. Shuningdek, “Yorqinhayot” mahallasidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 11 nafar shaxslarga 179 million so‘m, “Xushnud” mahallasida 4 nafar fuqaroga 40 million so‘m kredit mablag‘lari olib berishda yordam ko‘rsatildi. Mahallada aholi murojaatlari bilan ishlash, muammolarini bartaraf etish, huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish borasidagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilanib, har ikki mahalla “yettiligi”ga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Mas’ullar tomonidan mahallalar holatini o‘rganish, aniqlangan kamchilik va muammolarni hal etish ishlari barcha tumanlarda olib borilmoqda.