Mahallalarning tinchligi, osoyishtaligi, obodligi ushbu maskanda istiqomat qilayotgan aholining madaniyati, turmush tarzi, farovonligi hamda ma’naviyatidan darak beradi. Uchtepa tumani IIO FMB 1-sonli IIB profilaktika inspektorlari 14 ta mahallada fuqarolar tinchligi va osoyishtaligiga mas’uldirlar. Mahallalarning 3 tasi “ yashil”, 11 tasi “sariq” toifalarga kiritilgan. Keyingi 11 ta “sariq” mahallalarni “yashil” toifaga o‘tkazish borasida mazkur maskanlarda mahalla raislari, faollari, “yettili”gi bilan hamkorlikda qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Hamkorlikdagi sa’y-harakatlar natijasida o‘tgan 2025 yilda ikkita mahalla “Ko‘kcha-Oqtepa” hamda “Guzar” mahallalari “qizil” toifadan “sariqqa” o‘tkazildi. “Ko‘kcha-Oqtepa” mahallasida 11 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2025 yilda mazkur mahallada 4 ta jinoyat sodir etilgan. Sodir etilgan har bir jinoyat tegishli idora hamda tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida muhokama qilinib, jamoaviy ta’sir choralari qo‘llandi. Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha sayyor sudlar tomonidan mahallada sodir etilgan huquqbuzarliklar muhokamasi, huquqiy tushuntirish ishlarining izchil ravishda amalga oshirilishi ham o‘z natijasini bermoqda. Barcha mahallalarning holati o‘rganilib, “tashvish” tugmalari, videokuzatuv kameralari, tungi chiroqlarning o‘rnatilgani bois mahallalardagi kriminogen vaziyat barqarorlashib, ijobiy tomonga o‘zgardi.