8 Noyabr 2024 Yil 391

Mahalla birligi – muvaffaqiyat garovi

       Toshkent shahar Mirobod tumanida joylashgan “Qo‘yliq ota” mahallasi poytaxtimizning uchta tumani bilan chegaradosh. Mahallada mingdan ortiq turli millat vakillari tinch-totuv, ahillik bilan istiqomat qilib kelishyapti. Aholining uch yuzdan ortig‘ini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Hudud yaqin-yaqingacha, qizil toifada bo‘lib, joriy yilning ikkinchi yarmidan sariq toifaga o‘tkazildi. Bunda hudud biriktirilgan 4-sonli IIB profilaktika inspektorlarining xizmatlarini taʼkidlash joizdir. Bo‘lim katta inspektori, podpolkovnik Jamshid Mardonov 2018 yildan buyon ushbu hududda aholi tinchlik-osoyishtaligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholini mehnat bilan band qilish, mahalla yettiligi bilan hamkorlikda ularning muammolarini o‘rganib, amaliy yordam ko‘rsatish kabi ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Mahalla ahli profilaktika xodimlari xizmatidan mamnun. Ayniqsa, profilaktika katta inspektori Jamshid Mardonovni o‘zgacha hurmat bilan tilga olishadi. Jamshid ziyolilar oilasidan. Otasi Murodqul aka va onasi Salima opalar ko‘p yillardan buyon Urgut tumanidagi o‘rta maktabda o‘qituvchi bo‘lib mehnat qilib kelishmoqda.  Jamshid o‘rta maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, Respublika IIV Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurtiga o‘qishga kirdi. Bilim yurtini tugatib, 2007 yilda Samarqand viloyati Urgut tumani IIBda profilaktika inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. Xizmati davomida tajriba va malakasini oshirdi. Poytaxt Mirobod tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori lavozimida ish boshlaganida yetarli tajriba va malakaga ega, yetuk xodimga aylangandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni damda podpolkovnik Jamshid Mardonov tuman 4-sonli IIB profilaktika katta inspektori lavozimida xizmatni olib bormoqda. Lavhamiz qahramoni ko‘p yillik tajribasidan kelib chiqib, ishni yoshlarning bandligini taʼminlashga, atrofiga mahalla raisi va faollarini jamlab, har bir oilaning turish-turmushini o‘rganish, har bir qoidabuzarlik va huquqbuzarliklarni  jamoatchilik o‘rtasida, jamoat taʼsirini o‘tkazish orqali muhokama qilishdan boshladi. Mahalla ahli hududda shubhali begona shaxslar paydo bo‘lganida, qoidabuzarliklarning guvohi bo‘lganida zudlik bilan profilaktika inspektorlariga xabar berish haqida ogohlantirilib, bir yoqadan bosh chiqarish orqali jinoyatchilikni jilovlash mumkinligini tushuntirishdi. Bu saʼy-harakatlar o‘z natijalarini berdi. Hududda 3 nafar probatsiya xizmati ro‘yxatida turuvchi, 7 nafar muddatidan oldin ozod qilingan shaxslar ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, ularning barchasini ish bilan taʼminlashga erishildi. J.Mardonov mahalla yettiligi hamkorligida aholi o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholining huquqiy  bilimlarini oshirish, shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik, xalqparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tushuntirish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini izchil ravishda olib bormoqda. U xizmati davomida ko‘plab shogirdlarga murabbiylik qildi. Ayni paytda birga xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlari, katta leytenantlar Muhammad Bozorov, Asror Sotvoldiyevlar ham J.Mardonovni o‘zlariga ustoz deb bilishadi. Sidqidildan xizmatlari uchun J.Mardonov ko‘plab tashakkurnomalar, faxriy yorliqlar bilan mukofotlangani qatorida IIVning III-darajali “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan ham taqdirlangan. J.Mardonov turmush o‘rtog‘i Mahliyo bilan  uch nafar farzandini el-yurt koriga yaraydigan, vatanimizga munosib  farzandlar bo‘lib voyaga yetishishiga katta eʼtibor qaratishmoqda. Ishdan bo‘sh vaqtlarini farzandlariga bag‘ishlab, do‘stona va samimiy suhbatlashish asnosida mustaqil fikrlash, dunyoqarashini kengaytirish, ijobiy fazilatlarini boyitishga alohida ahamiyat berishadi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ota-ona ardog‘i va mehriga qonib voyaga yetgan farzandlar ezgulik va yaxshilikka xizmat qilishadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech