29 Aprel 2024 Yil 1054

Loyiha tajribasi o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, Toshkent shahar IIBB tomonidan “Men kuchli ayolman!” loyihasi ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur loyiha tufayli ko‘plab ayol-qizlarimiz o‘z hayot tarzini ijobiy tarafga o‘zgartirdi, oilalarini tikladi, ruhiy va maʼnaviy ozuqa oldi, o‘ziga ishonch va rag‘bat hissini tuydi, kasb-korga, huquqiy bilimlarga ega bo‘ldilar.

Loyihaning 4-bosqichi ham yakunlandi. Bunga qadar keng omma tomonidan bildirilgan katta qiziqish loyihaning jamiyatga kerak ekanligini, qayd etilgan ijobiy natijalar uni amaliy o‘rganish hamda respublikamizga keng yoyish mumkinligini ko‘rsatdi.

Shu maqsadda, joriy yilning 27 aprelida Respublikamiz IIV Madaniyat saroyida poytaxt IIBB Toshkent shahar tajribasi asosida “Men kuchli ayolman!” forumi o‘tkazildi. Mazkur tadbirda IIV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent viloyati IIBB, viloyatlar IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi (bo‘limlari) boshliqlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari qatnashdilar.

Forumda poytaxt IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Tashpulatov so‘zga chiqib, bosh boshqarma sohaviy xizmatlari tomonidan olib borilayotgan ishlarni taʼkidlarkan, xususan loyiha borasida olib borilayotgan salmoqli ishlarga urg‘u berdi.

So‘zga chiqqan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shaxnoza Sultanova, o‘z nutqida ayollarning huquqlari va qonuniy manfaatlari davlat himoyasidaligini alohida taʼkidladi.

Loyihani kuzatib borayotgan, uning natijalari haqida to‘laqonli maʼlumotga ega bo‘lgan tadbir ishtirokchilari ushbu loyihani keng yoyish, joylarda tadbiq qilish borasida o‘zaro kelishib olishdi.

Shuningdek, forum qatnashchilari poytaxtda joylashgan “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi”, Bosh boshqarma Yagona tezkor boshqaruv markazi, Toshkent shahar ishsizlarni qayta kasbga o‘qitish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi, IIBB qoshidagi “Shon-sharaf” muzeyiga tashrif buyurishdi. Tadbir so‘ngida mehmonlar eʼtiboriga “Jannat - onalar oyog‘i ostida” filmi namoyish etildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech