Ramziddin tuppa-tuzuk oila farzandi. Ota-onasi farzandlariga halol yedirib, halol mehnat qilishga o‘rgatgan. Lekin Ramziddinning tabiatida yashirin shumlik bor ekanmi, maktabni bitiriboq, sudning qora kursisiga o‘tirdi. Ota-onasining pand-nasihatlari kor qilmagan ekan, ikkinchi bora ham jinoyatga qo‘l urdi. Afsuski, bundan ham to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. 2021 yilning fevral oyi boshida u Shayxontohur tumanida joylashgan kasalxona yonida telefonlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi, 1980 yilda tug‘ilgan Kamolaning ishonchiga kirib, go‘yoki peshtaxtalarda changdan sarg‘ayib yotgan mollarini tezda sotib berishi mumkinligini aytadi. Shundoq ham savdosi yurishmay, pulga zoriqib turgan Kamola uning vaʼdalariga ishonib, to‘rt dona “Mi 10 Pro”, bir dona “Iphone 12 Pro Max”, bir dona “Mi T 10” rusumli, jami 5.140.000 AQSH dollarilik uyali aloqa vositalarini pulini sotganidan keyin olish sharti bilan berib yuboradi. Harom luqmaning mazasini totib ko‘rgan Ramziddin o‘n kunlar o‘tib yana Kamolaning do‘koniga tashrif buyuradi. Uni ko‘rgan qiz pullarni olib keldi, deb o‘ylab quvonadi. Ammo u:
– Bir yaxshi taklif bilan keldim. Sizdan olgan telefonlarni sotib bo‘ldim. Biroq bu pullardan foydalanib tursam degandim, albatta, ruxsat bersangiz. Chunki, men 10 kunga Dubayga ketyapman. U yerdan arzon telefon va boshqa texnikalar olib kelaman. Biror narsa kerak bo‘lsa, keltirib berishim mumkin. Qaytib kelay, keyin pullarni foizi bilan beraman, shuni aytgani kelgandim. Yana meni izlab, noto‘g‘ri fikrlarga borib yurmang, – deydi.
Uning tuzog‘iga ilingan qiz 10 dona “Playstation” o‘yini jihozlari – konsollariga buyurtma beradi va o‘z qo‘llari bilan 4.050 AQSH dollarini firibgarga tutqazadi. Shu-shu Ramziddin bilan ichki ishlar idoralarida ko‘rishishga to‘g‘ri keladi.
– Har qanday shaxs bilan biror bir tasdiqlovchi hujjatsiz, guvohlarsiz, kafolatlanmagan oldi-berdilarni amalga oshirish noto‘g‘ri harakatdir, – deydi Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Kamronbek Sayfutdinov. – Firibgarlik tobora ko‘payib bormoqda. Bu haqda qanchalik bong urmaylik ishonuvchan, soddadil insonlar firibgarlarning oson “o‘ljasi”ga aylanib qolishmoqda.
Shu o‘rinda, arzon mol olib, qimmatroq sotib boyish umidida ozidan ham ayrilib qolayotganlar qilayotgan ishlarini taroziga solib ko‘rsalar yaxshi bo‘lardi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi Ramziddinxo‘janing xatti-harakatiga qonuniy baho berib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi ( “Firibgarlik”) bilan aybli, deb topdi. Ayblanuvchining qaramog‘ida ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplagani va jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligini hisobga olib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda, 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.