27 Avgust 2025 Yil 414

Ekspert-kriminalistlarning eng yaxshisi aniqlandi

Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan Bosh boshqarma apparati, hududiy bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning kasbiy-jangovar mahoratini oshirish, xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, rag‘batlantirish orqali kasbiga bo‘lgan ijobiy munosabatni yuqori pog‘onalarga ko‘tarish maqsadida soha xodimlari o‘rtasida turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilib, sohaning eng yaxshisi, mahoratlilari e’tirof etib kelinadi. Navbatdagi “Eng yaxshi ekspert-kriminalist” ko‘rik tanlovining o‘tkazilishi ana shu maqsadlarni o‘zida mujassam etdi. Uch bosqichda o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda poytaxt IIBB Ekspert-kriminalistika markazi, YHXB EKB, tumanlar IIO FMB Ekspert-kriminalistika bo‘limlarida xizmat olib borayotgan 19 nafar xodimlar ishtirok etishdi. Tanlovning birinchi bosqichida ishtirokchilar ichki ishlar organlari nizomi, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalish, jangovar va xizmat tayyorgarligi, o‘z sohalariga tegishli bo‘lgan savollardan iborat test sinovlaridan o‘tishdi. Ikkinchi bosqichda esa “Kalashnikov” avtomati hamda “Makarov” to‘pponchasini qismlarga ajratish va yig‘ishda tezlik va chaqqonlikda o‘zaro bellashdilar. Uchinchi bosqichda xodimlar har bir chiptada 4 tadan: 3 ta sohaga tegishli, 1 ta ichki ishlar organlari xizmatiga oid savollarga javob berishdi. So‘ngra har bir tanlov ishtirokchisi bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazildi. Ko‘rik-tanlov so‘nggida barcha bosqich ballari umumlashtirilib g‘oliblar aniqlandi. Hakamlar bir ovozdan 96.6 ball to‘plagan Bosh boshqarma Ekspert-kriminalistika markazi eksperti, leytenant Doniyor Tulamatovni birinchi o‘ringa, 90.3 ball bilan Uchtepa tumani IIO FMB EKB eksperti, katta leytenant Kamal Musayevni ikkinchi o‘ringa, 82.6 ball bilan Bosh boshqarma Ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti, kapitan Arslon Mansurovni uchinchi o‘ringa loyiq deb topdi. Kasbiy bilim va ko‘nikmalarini a’lo darajada o‘zlashtirgan, mahoratlari ibrat, o‘z sohasining bilimdonlari bo‘lgan g‘olib xodimlarni tabriklab, kelgusi ishlarida omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech