2 Iyun 2025 Yil 609

Ko‘pchilik bergan baho — haq baho

Toshkent shahar IIBB YHXB rahbariyati nomiga Yunusobod tumani “Uch qahramon”mahallasi, 10-mavze, 3-uy boshlig‘i hamda faollari nomidan tashakkurnoma kelib tushdi. Unda YHXB YPXB xodimi katta leytenant Adhambek Erkayevga mahalla ahli murojaatini o‘rganib chiqib, tez fursatlarda ijobiy hal qilganligi, ko‘rsatilgan amaliy yordami uchun o‘z nomidan va mahalla faollari, jonkuyar fuqarolari nomidan chuqur minnatdorlik bildirilgan. Shuningdek, A.Erkayev kabi fidoiy xodimlar soni ichki ishlar organlari safida ko‘payib borishi, xalq osoyishtaligi va xavfsizligi yo‘lidagi xizmatlarida xodimlarga ulkan muvaffaqiyatlar tilagan.

Tashakkurnoma izhor etilgan Adhambek Erkayev Toshkent avtomobil yo‘llari institutini muvaffaqiyatli tugatib, 2020 yilda Toshkent shahar IIBB YHXB batalyonida ish faoliyatini boshlagan. Oliygohda hamda IIV Akademiyasi kasbiy tayyorgarlik kurslarida olgan bilimlari va ko‘nikmalarini batalyon komandiri o‘rinbosari, podpolkovnik G‘anisher Egamberdiyev ustozligida sayqallab, mustahkamlab bordi. Ustozining yo‘l-yo‘riqlari, maslahatlariga amal qilgan Adhambek tez orada hamkasblarining hurmatini, rahbariyatning eʼtiborini qozondi. Intiluvchanligi, mehnatsevarligi, xushmuomalaligi, berilgan topshiriqlar, zimmasidagi xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishi, tashabbuskorligi, tegishli tashkilotlar va mahkamalar bilan o‘zaro hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olish kabi sifatlari ortidan hamkasblari orasida hurmat qozondi, rahbariyatning eʼtiboriga tushdi.

– Adhambek o‘z kasbining fidoyisi. Poytaxtimiz yo‘llarida harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga doir masalalarni hal qilishda faol. Har bir topshiriqqa ijobiy yondashadi. Hamkor tashkilotlar bilan yaqindan aloqa o‘rnatib, kuch va vositalarni samarali safarbar qila olishi, to‘g‘ri foydalanishi tufayli ko‘plab masalalarga o‘z vaqtida yechim topadi, – deydi YHXB YPX brigadasi 3-batalyon komandiri, podpolkovnik Erkin Azimboyev. – Yo‘llarda transport vositalari, piyodalar harakati bilan bog‘liq xavfsiz harakatni tashkillashtirish borasida xodimlarning vazifalarini to‘g‘ri taqsimlaydi. Xususan, fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganib, ko‘rsatilgan kamchiliklarni vaqtida bartaraf etish ham shular jumlasiga kiradi. Holbuki, ular harakat xavfsizligini taʼmnlashda muhim o‘rin tutadi.

Podpolkovnik E.Azimboyevning so‘zlari isboti tariqasida tumanning “Uvaysiy”, “Bodomzor, “Obod” chunonchi, “Uch qahramon” mahallalarida piyodalar yo‘lakchalarining barpo etilishi, yo‘l belgilarining to‘g‘ri o‘rnatilishi, eskirgan, shikastlanganlarni yangisiga almashtirish, tegishli yo‘l chiziqlarini tortish, ayniqsa maktablar, maktabgacha muassasalar oldiga tegishli belgilarni – harakat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladigan yo‘l belgilarini o‘rnatishda lavha qahramonimizning alohida xizmatlarini taʼkidlash joizdir. O‘zining ham ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan Adhambek bolalarning xavfsizligini taʼminlash, ularga yo‘llarda harakatlanish qoidalarini o‘rgatishni eng birinchi, zaruriy vazifalar deb biladi.

Bugun katta leytenant Adhambek Erkayev Toshkent shahar IIBB YHXB YPX 3-batalyon 6-safarbarlik guruhi komandiri lavozimida o‘z vazifalarini halol va vijdonan bajarib, hamkasblari hamda fuqarolarning eʼtirofiga sazovor bo‘lib kelmoqda. Har bir ishda, bosayotgan qadamida otasi – ayni paytda nafaqa gashtini surayotgan Zokirjon aka, onasi – Nasima opalarning hamda ustozi podpolkovnik G‘anisher Egamberdiyevning: “Boylik pulda emas. Halollik va rostlik, xalq tinchligi yo‘lidagi har bir harakat insonni yuksaklikka yetaklaydi, maʼnaviy boy qiladi. Odamlarga foydang tegsa, seni “yaxshi” desa, demak sen yaxshisan”, degan so‘zlari hamisha quloqlari ostida jaranglaydi. Yashashdan maqsad ham shu aslida.

Barcha yangiliklar

Text to speech