Ozodlikka chiqqan Jasur ko‘p narsalar o‘zgarib ketganini tushundi. Ilgari kunda-shunda bo‘lgan, har bir narsada maslahatiga, suhbatiga mushtoq bo‘lgan og‘aynilari endi uni ko‘rganida ko‘chaning narigi betiga o‘tib, ko‘rsa ham ko‘rmaganlikka olib ketishardi. Turmush o‘rtog‘i va ikki norasida farzandi ham begonasiragandek tuyulardi gohida. Bularni sezgan Jasur alamini avval ichkilikdan oladigan, keyinroq giyohvandlik moddalari isteʼmol qilib unutgandek bo‘lardi. 2024 yilning 21 yanvarida ham u internet tarmog‘i orqali kuchli taʼsir qiluvchi psixotrop moddasiga buyurtma berib, uni yashirib ketilgan joydan oldi-da, kechki isteʼmoli uchun saqlab qo‘ydi. Chilonzor tumanining “Navbahor” mahallasida joylashgan oshxonaga kirib, spirtli ichimlik va yegulik buyurdi. Yonidagi stolda to‘rt nafar o‘zi tengi yigitlar gurunglashib, bir gapirib o‘n kulishi unda havas uyg‘otdi. Bir paytlar usiz o‘tmaydigan davralar esiga tushib, taʼsirlandi. Kayf emasmi, bir shisha aroqni ko‘tarib ularga yaqinlashdi va o‘tirishga ruxsat so‘radi. Davraning egasi bo‘lgan – og‘aynilari bilan tug‘ilgan kunini nishonlayotgan Zahiriddinga bu yoqmadi.
– Sizga ko‘zimiz uchayotgani yo‘q. O‘tirgan joyingizda bemalol o‘tiravering, – deya g‘ijindi Zahiriddin. – Yoki o‘tirg‘izib kelaymi?!
Uning keyingi gapi Jasurga og‘ir botdi, go‘yo “o‘tirib” chiqqaniga ishora qilgandek. Avvalgi havas hasadga aylandi. U gandiraklagancha ko‘chaga yo‘l oldi. Oshxona eshigi oldida tebranib bir oz turgan edi, ittifoqo Zahiriddin avtomashinasida qoldirilgan uyali telefonini olish uchun chiqib keldi. Zahiriddinning yap-yangi,chiroyli avtomashinasini ko‘rgan Jasurning hasadi endi adovatga aylandi. U he yo‘q, be yo‘q, Zahiriddinning boshiga bor kuchi bilan zarba berdi va voqea joyidan qochib qoldi. Hali alam o‘tida yonayotgan Jasur Uchtepa tumanidagi tungi klubga yo‘l oldi. Tungi soat ikkilar. Alamzadaning bejo harakatlari shu hududdagi ichki ishlar organlari xodimlarining eʼtiborini tortdi. Xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning shimi chap cho‘ntagidan oq rangli kukunsimon kuchli taʼsir qiluvchi modda aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
— Zahiriddin olingan zarbdan hushini yo‘qotganidan foydalangan Jasur voqea joyidan yashiringan,– deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shahzodbek Davirboyev. – Sud-tibbiy ekspertizasi jabrdiydaga hayoti uchun xavfli og‘ir tan jarohati yetkazilgani haqida xulosa berdi.
— Jinoyat ishlari bo‘yiicha Chilonzor tumani sudi ochiq sud majlisida 1992 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan Yu.Jasurning qilmishlarini qonunan baholab, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) va 276-moddasi 2-qismi “b” bandi (“Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar”) bilan aybli deb topdi. Aybdorga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.