Keng, shinam va ko‘rkam go‘shang bo‘lsa, o‘z xonang, bolalarning ham kichik bo‘lsa-da xosxonasi bo‘lsa-yu, ishdan horib-charchab kelganingda yotib damingni olsang, qanday yaxshi. Hozir esa Klaraning bunday sharoiti yo‘q. Onasi va ikki nafar farzandi bilan kichik hajmdagi bir xonali uyda tiqilib yashashga majbur. Na onasining, na o‘zi na farzandlarining alohida makon bo‘shlig‘i bor. Ammo u umidini uzmaydi. Bir kun kelib keng, yorug‘ va shinam o‘z uyi bo‘lishiga ishonadi. Buning uchun ozmuncha harakat qilayotgani yo‘qmi? Qush tinsa tinadi-ki, Klaraning tinimi yo‘q. Albatta, uyli bo‘ladi! Shunday orzulari to‘lib-toshib yurgan kunlarning birida unga avvaldan tanish bo‘lgan 1999 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, vaqtincha ishsiz bo‘lgan Boburni uchratib qoldi. Eski tanishlar yaqin atrofdagi oshxonaga kirib suhbat qurishdi, yoshlik damlarini xotirlashdi. Gap gapga ulanib, shaxsiy hayot mavzusiga burildi. Klara oilaviy sharoitini aytib, eng katta maqsadi uy olish ekanligini aytdi. Bobur Klaraning uy olish ilinjida har narsaga tayyor ekanligini sezdi va bundan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolishni ko‘zladi.
– Bankda tanishlarim bor, qurilish kompaniyasida eng yaqin og‘aynim ishlaydi. Gaplashib ko‘ray-chi, chunki yaqinda bir o‘rtog‘imga uy olishda yordam bergandim. Zora senga ham foydam tegsa.
Bobur Klaraga umid uchqunlarini berdi va yangi qurilayotgan uylardan birini subsidiya orqali qulay narxlarda olib berishni vaʼda qildi. U 2021 yilning mart oyidan aprel oyining oxiriga qadar bo‘lib-bo‘lib olish yo‘li bilan jabrlanuvchidan 8.700 AQSH dollarini olib izsiz ketdi.
– Shuncha pulni bergan jabrlanuvchi biror marta “qani men ham sen bilan boray, kimga pulni berayapsan, qanday hujjatlarga imzo chekayapsan, birrov so‘rab-surishtiray” demaganiga, ko‘r-ko‘rona ishonib qolganiga ajablanasan, kishi, – deydi Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, podpolkovnik Otabek Kamalov. – Na bir tilxat na bir guvoh ishtirok etmagan bu oldi-berdini isbotlash uchun ko‘p vaqt ketdi. Afsuski, firibgarlikning turlari ko‘payib, bu haqda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda qayta-qayta ogoh etishingizga qaramay, soddadil fuqarolarimiz chuv tushib qolishmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi Boburning qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, jazoni yengillashtiruvchi holatlarni, yaʼni oilaviy sharoiti, qilmishidan pushaymonligi, jabrdiydaga keltirgan zararni to‘liq qoplaganligini inobatga oldi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topilib, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.