31 May 2024 Yil 1319

Kichiklarga katta g‘amxo‘rlik

Yoshlar – nihol, qay tomonga bursang o‘sha tomonga egiladi. Uning to‘g‘ri va yashnab o‘sishi biz kattalarning parvarishiga  bog‘liq. Kelajagimiz poydevori bo‘lmish farzandlarimizning kelgusida baxtli, farovon hayot kechirishi ularning tarbiyasiga masʼul bo‘lgan biz – kattalarning  vazifasidir. Bu borada poytaxt IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markazi tomonidan qator ijobiy,  eʼtirof etishga arzigulik ishlar amalga oshirib kelinmoqda.  


- Maʼlumki, tarbiyaning umumiy ijtimoiy vazifasi – yosh avlod ongu-shuurida bilim, ko‘nikma, ijtimoiy tajriba va axloq meʼyorlarini shakllantirishdan iborat. Ayrim holatlarda ota-onalar balog‘at yoshidagi farzandi bilan til topisha olmaydi. Shu sabab o‘smirlar tomonidan oilaviy nizolar, kelishmovchilik, uydan qochish va turli huquqbuzarliklar sodir etilishi kuzatiladi. Mana necha yillardirki, Markazimiz tomonidan  bu kabi holatlarni oldini olish va bartaraf etish maqsadida, zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda, -  deydi suhbat chog‘ida Markaz boshlig‘i podpolkovnik Kamoliddin Zavqiyev.


Toshkent shahar IIBB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markaziga qarovsiz qolgan, adashgan, bedarak yo‘qolgan, ijtimoiy va boshqa xavf ostida qolgan, o‘z uyidan o‘zboshimchalik bilan chiqib nazoratsiz yurgan va ijtimoiy-huquqiy yordamga muhtoj bo‘lgan 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan bolalar qabul qilinadi. Markaz faoliyatining asosiy  maqsadi, voyaga yetmaganlar va yoshlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, o‘tish davri sanalgan balog‘at yoshida ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, jamiyatga ijtimoiy moslashuvini taʼminlash, tarbiyalanuvchilarga psixologik yordam ko‘rsatishdir. Shuningdek, ota-ona va farzand o‘rtasidagi ijtimoiy-psixologik muammolarni bartaraf qilish yuzasidan nafaqat voyaga yetmagan bolalar, balki ularning ota-onalari bilan ham profilaktika va psixologik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida kompleks ishlar amalga oshiriladi.


O‘smirlar – yoshlarning alohida toifasi bo‘lib, ular himoyaga muhtoj asosiy qatlamlardan biridir. Ulardagi o‘tish davri psixologik jihatdan murakkab bo‘lib, yosh nihol kabi qayerga bursa, shunga og‘ib ketishga moyildirlar. Bu yo‘lda Markaz tomonidan taʼlim muassasalari va mahallalarda o‘smirlarni egri yo‘ldan asrash, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan maqsadli vazifalar muntazam ravishda amalga oshirib kelinadi.


Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining tashabbusi bilan, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, voyaga yetmagan bolalar va yoshlarga tibbiy, ijtimoiy-huquqiy, psixologik va pedagogik yordam ko‘rsatish, maʼnaviy-maʼrifiy rivojlanishiga hissa qo‘shish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, salbiy xulq-atvorni yuzaga kelishiga turtki bo‘layotgan omillarni o‘rganish hamda ularni bartaraf etish, voyaga yetmagan va yoshlar tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayri-ijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida Markazda 2023 yil hisobida to‘rt bosqichda, 2024 yilning shu davriga qadar ikki bosqichda maxsus o‘quv kursi o‘tkazildi.


Shu o‘rinda, Toshkent shahar IIBB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markazi “Tranzit” maqomiga ega bo‘lib, xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining farzandlarini Vatanimizga qaytarish borasida mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirib kelayotganini taʼkidlash lozim.


Markaz boshlig‘i, K.Zavkiyev, voyaga yetmagan bolalar va yoshlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish, ularning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilib, sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularni barkamollik, vatanparvarlik ruhida kamol topishi,  ulg‘ayishlarida o‘z hissasini qo‘shayotganidan faxrlanishini bildirib, kelgusida mazkur ishlar samaradorligini yana-da oshirish hamda takomillashtirishda o‘z xizmatini ayamasligini g‘ururlanib taʼkidladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech