Raqamli texnologiyalarning rivojlanishi qulaylik yaratishi bilan birga, ayrim xavf-xatarlarga ham sabab bo‘lmoqda. Chunki kibermakonda g‘araz niyatli kimsalar ham yo‘q emas. Eng achinarlisi, shaxsga doir ma’lumotlarni o‘zlashtirish orqali o‘zganing plastik kartalaridagi pullarini o‘zlashtirish, hisob-raqamlarga kiberhujum uyushtirish kabi huquqbuzarlik va jinoyatlar soni ortib bormoqda.
Shu sababli IIV xodimlari tomonidan barcha vazirlik va idoralarda fuqarolarning axborot texnologiyalaridan foydalanish savodxonligini oshirish, qolaversa, ushbu turdagi jinoyatlarning kelib chiqish sabablari haqida tushunchalar berish maqsadida, profilaktik-tushuntirish ishlari o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligida “Kiberjinoyatchilar qurboniga aylanmang!” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi axborot-texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish bo‘limi boshlig‘i U. Choriyev, Shayxontohur tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi xodimlari katta leytenantlar S. Turdiyev va Sh. Islomovlar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olganlar tobora jiddiy muammoga aylanib borayotgan kiberjinoyatlar va ularning turlari, ulardan himoyalanish usullari, amaldagi protsessual qonunchilik hujjatlarida mazkur jinoyatlarga qo‘llaniladigan jazolar haqida to‘xtalib o‘tdilar.