8 Sentyabr 2025 Yil 490

Kibermakon xavfsiz bo‘lishi kerak

Dunyo XXI-asrga axborot asri nomi bilan qadam qo‘ydi. Axborot texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanishi, imkoniyatlarining tobora kengayib borishi afsuski, ayrim nopok, yengil pul topish ilinjida bo‘lgan g‘arazli kimsalar tomonidan boyish quroliga aylantirilmoqda. Bu kimsalar makon va zamon bilmas internet tarmoqlari orqali o‘zgalarning mablag‘lari, shaxsiyatiga oid ma’lumotlardan foydalanib tovlamachilik va firibgarlik jinoyatlarini sodir etishmoqda. Poytaxt IIBB tomonidan joriy yilning 2-sentyabridan 2-oktyabriga qadar “Xavfsiz kibermakon” tezkor-profilaktik tadbirining o‘tkazilishi fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanmaslik, o‘z-o‘zini himoya qilish, mablag‘lari daxlsizligini ta’minlash, kiberfiribgarlar tuzog‘iga tushib qolmasliklarini oldini olish, ogohlantirish, immunitetini kuchaytirishga qaratilgan. Oylik hamda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida Bosh boshqarma Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi mas’ullari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Onlayn qimor – inqiroz va halokat tomon bosilgan qadam” mavzusida ochiq muloqot tarzidagi davra suhbatini o‘tkazishdi. Davra suhbatini Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Elyor Ahmadaliyev ochib, onlayn qimor va totalizatorlarning shaxs hayotiga nafaqat moddiy zarar yetkazishi, balki ma’naviy tanazzulga olib kelishini ta’kidladi. Akademiya rahbariyati, harbiy xizmatchilar, kursantlarni qamragan keng auditoriya oldida Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi katta mutaxassisi, leytenant Abdurasul Abduvaliyev, tezkor vakil, leytenant Behruz Mirzaaxmetov, Yangihayot tumani IIO FMB xodimlari: katta leytenant  Sherzodbek Kamolov, kapitan Abduvohid Abdujabborovlar  ma’ruza qilib, onlayn qimor va totalizatorlarning yoshlar hayotiga salbiy ta’siri, internet orqali pul tikiladigan o‘yinlarda ishtirok etish oqibatida katta mablag‘ni yutqazib xonavayron bo‘lgan, hatto o‘z joniga qasd qilishgacha yetib borgan shaxslar taqdirini misollar orqali keltirib o‘tishdi.

Shuningdek, bunday tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar insonda umidsizlik va chorasizlik hissini kuchaytirishi, oilaviy muammolar va fojialarga sabab bo‘lishini qayd etishdi. Bu kabi kiberjinoyatlardan ogohlantirish, targ‘ibot va tashviqot ishlari poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining ma’muriyati hamda yetti yuzga yaqin talabalari, Toshkent metropolitenining ishchi-xodimlari bilan ham o‘tkazildi. Davra suhbati yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otib, savol-javoblarga boy bo‘ldi. Qayd etish joizki, mazkur o‘tkazilayotgan suhbat va profilaktik tadbirlar mavzuning naqadar dolzarb va muhimligini ko‘rsatmoqda. Kibermakon har bir inson uchun xavfsiz hamda foydali bo‘lishini ta’minlash oylikdan ko‘zlangan asosiy maqsad bo‘lib, kiberjinoyatchilarning to‘riga ilinmaslik fuqarolarning o‘zlariga bog‘liq. Keyin “attang” deb qolmaslik uchun mas’ul xodimlar tomonidan berilayotgan har bir ogohlantirish va tavsiyalarga e’tibor berib, qat’iy amal qilinsa, bo‘lgani.

Barcha yangiliklar

Text to speech