16 Oktyabr 2024 Yil 182

Kerakligingni his qilib yashamoq – baxt

Ichki ishlar organlarida xizmat qilishni orzu qilmagan  yigitlar bo‘lmasa kerak. Biroq meʼyorsiz ish kuni, bayram va tantanalarda, ommaviy sport va ko‘ngilochar tadbirlar, favqulodda vaziyatlarda kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borish kabi xizmatning o‘ziga yarasha mashaqqatlarini yengib o‘tish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Qonunni mensimaydigan, qonuniy talablarni tan olmaydigan qonunbuzar, huquqbuzar shaxslar haqida-ku gapirmasak ham bo‘ladi. Toshkent shahar Yakkasaroy tumani IIO FMB 3-sonli IIB boshlig‘i, podpolkovnik  Farhod Kasimov uchun kasb tanlashda muammo tug‘ilmagan. O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasini tamomlagan  lavhamiz qahramoni 1997 yilda Toshkent viloyati IIB Zangiota tumani IIB Jinoyat-qidiruv bo‘limida tezkor vakil bo‘lib xizmatni boshladi. Ustozlari bo‘lim boshlig‘i, mayor Nasriddin Abdazov,  bo‘lim katta tezkor vakili, kapitan Aziz Tashpulatovlardan kasbning sir-asrorlarini qunt va tirishqoqlik bilan o‘zlashtirib bordi. O‘sha yillarda yurtimiz mustaqillikning ilk yillarini boshidan kechirayotgan, hali mustahkam oyoqqa turmaganligidan foydalanib, Respublikamizga jinoyatchilikning ko‘plab turlari qatorida terrorizm, giyohvandlik, iqtisodiy jinoyatchilik kabi transjinoyat unsurlari kirib kelayotgan edi. Taʼkidlash joizki, mard va fidokor xalqimiz, vatanparvar va burchiga sodiq o‘g‘lonlarimiz tufayli bu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, mustaqil O‘zbekistonni qurish baxtiga muyassar bo‘ldik. O‘sha yillarda jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurash olib borgan, ko‘plab mudhish jinoyatlarning guvohi bo‘lgan qahramonimiz bu yillarni xotirlashni xush ko‘rmaydi. Ammo bir jinoyat hali-hamon uning vujudini junbushga keltiradi.

–  90-yillar oxiri. Navbatchilik qismiga tushgan tahlikali qo‘ng‘iroq bo‘yicha manzilga yetib keldik. Xonadonda  ko‘zim tushgan birinchi holat qonga belangan qo‘g‘irchoq bo‘ldi. Ko‘zlari katta-katta,qop-qora, kipriklari quyuq, tim qora sochlari jingala-jingala, bir necha tutami peshonasidan chiroyli terib qo‘yilgandek qora qoshlariga tushib, oppoq yuzlariga o‘zgacha ilohiy bir go‘zallik bag‘ishlagan. Qo‘g‘irchoq emas, go‘yoki bir ertaklardagi malak, deysiz. Ammo yaqinroq borganimda uning olti yoshga to‘lmagan qizcha ekanligini bilgach, seskanib, titrab ketdim. Shunday bir farishtaga vahshiylik qilgan kimsa qanchalar qabih, iblis bo‘lishini tasavvur qilish qiyin. Bu odam qiyofasidagi qotilni topishga ont ichdim. Uni qo‘lga olganimizda birinchi savolim qizchaning aybi nimada edi, deb so‘raganim bo‘ldi.”Onasini o‘ldirib chiqib ketayotganimda ko‘chadan kirib kelib qoldi. Guvohni yo‘qotishim kerak edi”, deb javob berdi.

Jinoyat u qanday bo‘lmasin, jinoyatchiga jazo muqarrarligini taʼminlash ichki ishlar organlari xodimlarining  asosiy vazifalaridandir. Ushbu tamoyil mana o‘ttiz yilga yaqin xizmati davomida podpolkovnik Farhod Kasimovning  shiori bo‘lib xizmat qilmoqda. Yakkasaroy tumanidagi 32 mingdan oshiq  aholisi, 3200dan ortiqroq o‘smir-yoshlari istiqomat qiluvchi 5ta mahallani qamragan 3-sonli ichki ishlar bo‘limi faoliyatini ham mahallalarda jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadiga qaratgan. Bu borada mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, faollari, ko‘chaboshi va uyboshilarning xodimlar bilan hamkorlikda, bir yoqadan bosh chiqarib ishlashini tashkillashtira oldi. Birgalikda ogohlantirish, profilaktik-tushuntirish tadbirlari muntazam ravishda amalga oshirib kelinyapti . Maʼlumki, poytaxtimiz hududida giyohvand va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash oyligi  davom etmoqda. Mahalla ahlining ziyrakligi va hushyorligi tufayli bir necha giyohvandlik  moddalarini belgilangan manzillarga xufiyona yashirish holatlariga chek qo‘yildi. 

Podpolkovnik F.Kasimov xizmat faoliyati davomida ko‘plab shogirdlarni yetishtirgan, ular ichki ishlar organlari turli sohalarida sidqidildan xizmat olib borishmoqda. Hatto ayrim shogirdlari bugun rahbar lavozimlarida faoliyat yuritishiga qaramay, Farhod Kasimovdan maslahat va tavsiyalar olishni kanda qilishmaydi. U esa ishining tig‘izligi va qay holatda bo‘lishiga qaramay, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga vaqt topadi. Inson umrining maʼnosi ham ehtimol ana shunday kimlargadir kerakliging va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olishingdadir. Albatta, shunday!


Barcha yangiliklar

Text to speech