19 Iyun 2024 Yil 625

Kelajakni bugun yaratamiz

       Bolalar – kelajagimiz. Kelajak haqida qayg‘urmaydigan jamiyatni topish qiyin. xalqimiz esa azaldan bolajon xalq. Har neki yaxshini  farzandiga ilinadi. Dunyo bo‘yicha bolalar haq-huquqlariga, emin-erkin, baxtli yashashiga doir qabul qilinadigan har bir hujjat yurtimiz rahbari tomonidan eʼtiborga olinib, amaliyotda qo‘llanilib kelinmoqda. Yurtimizda hech bir bola dini, rangi, irqi, millatidan qatʼiy nazar o‘z-o‘ziga tashlab qo‘yilmagan, uning taqdiriga befarqlik, loqaydlik bizga begona. Respublikamizda voyaga yetmagan qarovsiz qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar aniqlanib, ularga har tomonlama yordam berish yo‘lga qo‘yilgan. Bu savobli va xayrli ishlarga Toshkent shahar IIBB ham bosh-qosh. Bunga Toshkent shahar hokimi, shahar prokurori, DXX Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i va poytaxt IIBB hamkorligida tasdiqlangan qo‘shma Dastur misol bo‘la oladi. Unga ko‘ra poytaxt hududida yashovchi 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyat sodir  etishga moyil, tarbiyasi og‘ir deb topilgan, salbiy xatti-harakatlar sodir etganligi uchun profilaktik hisobga olinib, “Qizil toifa”ga kiritilgan yoshlar o‘rtasida olib borilayotgan ijobiy ishlar eʼtirofga loyiqdir. Yuqorida keltirilgan voyaga yetmaganlarning yurtimizning to‘laqonli farzandlari bo‘lib yetishishi, kamol topishini maqsad qilgan Dasturda belgilangan chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelmoqda.


      Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markazida o‘tkazilgan yig‘ilish ana shu mavzuga qaratildi. Unda hamkor tashkilotlar masʼullari ishtirok etib, 3-bosqichni samarali o‘tkazish borasida fikr-mulohazalar tinglandi. Amaliy ishlar uchun jalb qilinadigan kuch-vositalar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, vazifalar belgilab olindi.


      Bolalarning salomatligi birinchi navbatdagi vazifa bo‘lganligi bois, Markazga qabul qilingan 30 nafar voyaga yetmagan o‘g‘il bolalar Toshkent shahar IIBB Tibbiyot bo‘limi shifokorlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi. O‘smirlarning jismoniy rivojlanishi, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ular o‘rtasida turli sport o‘yinlari, boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazilishini eʼtiborga olib, ular sport va harbiy ust-boshlar bilan taʼminlandi.


Tariximizni o‘rganish, qadriyatlarimizni eʼzozlash kabi maʼnaviy-madaniy bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbir davomida, bolalar Toshkent viloyatida joylashgan “Zangiota” ziyoratgohiga tashrifi chog‘ida majmua yaratilishi tarixi, unda makon topgan azizu avliyolarning umr yo‘llari haqidagi bilimlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, maxsus kurs jarayonida yoshlarning poytaxtimizdagi “Hayvonot bog‘i”ga tashrifi uyushtirildi. Maxsus kursning 3-bosqichi tarbiyalanuvchi yoshlarini vatanparvarlik ruhida, kelajakda yurtimizning munosib farzandlari bo‘lib kamol topishi borasida oldinda hali qilinadigan ishlar ko‘p va ular amalga oshirilishi shubhasiz. Maqsad esa bitta – baxtli, farovon kelajagimizni yaratish.

Barcha yangiliklar

Text to speech