Zokirjon aka va Muqaddas opalar qizi Robiyaning sog‘lom va barkamol voyaga yetishi, hayotda o‘z yo‘lini topishi, irodasini mustahkamlash, qolaversa, o‘zini himoya qila olishi istagida 8 yoshga to‘lar-to‘lmagan qizini sport maktabiga yetakladilar. Robiya Qo‘chqorova tabiatan serharakat va epchil, tirishqoq bo‘lgani bois sportga mehr qo‘ydi, astoydil harakat qildi. Tinimsiz mashg‘ulotlar, ustozining saʼy-harakatlari o‘z mevasini ko‘rsata boshladi. Har bir sportchining mahoratini baholovchi mezon – musobaqadir. Robiya respublikamiz miqyosida o‘tkazilgan qo‘ljangi bellashuvlarida qatnashib, besh karra chempionlikni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Xalqaro toifadagi sport ustasi maqomiga erishdi. Tinimsiz mehnatlari tufayli mahoratini oshirib borgan Robiya poytaxtimizda o‘tkazilgan qo‘ljangi bo‘yicha Jahon chempionatida 2-o‘rinni, Rossiya Federatsiyasida Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon kubogi musobaqasida faxriy 2-o‘rinni egalladi. Belorussiyaning Minsk shahrida o‘tkazilgan Yevropa ochiq chempionatida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Turkiyada o‘tkazilgan “Islom birdamlik o‘yinlari”da faxriy 2-o‘rin sohibi bo‘ldi. O‘zining sport murabbiyi Saidmurod Almatov, Larenso Dlimalarni alohida iliqlik va hurmat bilan tilga olishni burchi deb biladi. Robiya 2017 yili Toshkent shahar IIBB PPXvaJTSBga bo‘linma militsioneri lavozimida ilk xizmatini boshlaganida allaqachon chempion bo‘lib tanilgan edi. Chempion qizga kasb ko‘nikmalarini, o‘ziga xos jihatlarini Bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Murodilla Aliqoriyev, safdor Naila Sobirovalar qunt va sabr, o‘zgacha masʼuliyat bilan o‘rgatdilar. Uning yurtimiz shaʼnini himoya qilish, dovrug‘ini dunyoga tanishtirish borasidagi intilishlari, sportda erishayotgan yutuqlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan munosib baholanib, “Yoshlar fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bugungi kunda poytaxt IIBB JTSB bo‘linmalari saf bo‘linmalari PPX brigadasi otryad inspektori, safdor Robiya Qo‘chqorova xizmat faoliyatini olib borishda xizmatdoshlariga o‘rnak. Yurtimizda o‘tkaziladigan nufuzli rasmiy uchrashuvlar, bayram tantanalari, sport musobaqalari, xalq sayillari, turli anjuman va ko‘ngilochar tadbirlarda poytaxtimizda xavfsizlikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash ishlarida xizmat vazifalariga sidqidildan yondashib, tadbirlarning tinch va osoyishta o‘tishiga o‘z hissasini qo‘shib kelyapti. Shu bilan birga sport mashg‘ulotlarini ham hamohang olib boryapti. Xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalarda qatnashib, Vatanimiz, ichki ishlar organlari shaʼn-sharafini munosib himoya qilib kelmoqda. Joriy yilning may oyida Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida qatnashib g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Keyingi iyun oyida esa Buxoro shahrida qo‘ljangining “Kombat-Djiu-su-djitsu” turi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida birinchi o‘rin g‘olibi bo‘ldi. Iyul oyida esa Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo ochiq chempionatida ham 1–o‘rinni egallab 38 ta dunyo davlatlari ichida yurtimiz bayrog‘ini yana-da yuksak ko‘tarilishiga hissa qo‘shdi. Albatta, bu yutuqlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Uning ortida mashaqqatli mehnat, sabr, chidam va masʼuliyat bor. O‘z salomatligi, kelajagi ustida muntazam ishlaydigan chempionimiz xizmat qilayotgan sohasining ham ustasi bo‘lish lozimligini anglab, O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport universitetini muvaffaqiyatli tamomladi. Uning kelajak orzulari ko‘p. Hayotda, sportda, xizmat sohasida amalga oshiradigan ishlari rejasi bilan tanishsangiz, undagi g‘ayrat-shijoat, intilishni ko‘rib, O‘zbekistonimiz kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanligiga yana bir bor amin bo‘lasiz.