9 Oktyabr 2025 Yil 340

“Keksalar haftaligi” doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Keksalik inson hayotining ajib fasli. Buni donishmandlik pallasi desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, umrning bu davriga yetib kelgunga qadar inson ne-ne sir-sinoatlarni anglab yetadi, hayotning achchiq-chuchugini totib ko‘radi. Azaldan xalqimizda biror ishga qo‘l urishdan avval yoshi ulug‘lardan maslahat va yo‘riqlar olish odatga aylangan. Bu xalqona qadriyatlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejizga emas. Ularning hayoti davrida orttirgan tajribalari, qonunda yozilmagan o‘git va ko‘nikmalari yosh avlod uchun ibrat va namuna maktabidir. Shu bois “Keksalar haftaligi” doirasida poytaxtimizning Yunusobod tumani IIO FMB tashabbusi bilan Toshkent xalqaro universitetida tuman IIO FMB faxriylarining bilim yurti talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda faxriylar o‘z talabalik yillari, o‘qish, bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi, talabalikning o‘ziga xos qiyinchiliklari, xizmatga ilk qo‘yilgan qadamlari bilan bog‘liq xotiralari bilan bo‘lishishdi. Xususan, bugungi kunda talabalar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar, bilim olishga rag‘batlantirish kabilar ham taʼkidlab o‘tildi. Shuningdek, yoshlarni bu fursatning qadriga yetish, chuqur bilim olib, yurtimiz shaʼnini dunyoga tanitadigan ilm-fan cho‘qqilarini egallash, tinchligimizning qadriga yetishga daʼvat etildi. Faxriylarning xizmat va hayotiy tajribalari haqidagi suhbatlari talabalarni befarq qoldirmadi. Ayniqsa, aksariyat faxriylarimizning ijod bilan shug‘ullanib, o‘z ijodlari mahsuli bo‘lgan sheʼrlarini o‘qib, tadbirga badiiy tus berishi qarsaklar bilan kutib olindi. Katta qiziqish va eʼtibor bilan faxriylar chiqishlarini tinglagan talabalar ularni savollarga tutish orqali o‘tgan davr hayoti haqida yana-da ko‘proq maʼlumotlarga ega bo‘lishdi. Suhbat bilim dargohi maʼmuriyati tomonidan yozilgan fayzli dasturxon atrofida ham davom etdi. Tadbir avlodlar o‘rtasidagi zanjirni mustahkamlab, qadriyatlarimizga yuksak ehtirom hissini shakllantirishda ko‘prik bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech