Baxtiyor Abdullayev ziyolilar oilasida tavallud topgan. Otasi Rohatali aka farzandlarining oliy maʼlumotli, yurt koriga yaraydigan, elga naf keltiradigan bo‘lib yetishishi uchun harakat qildi. Ularning tanlagan kasblariga monelik ko‘rsatmadi. 1985-1987 yillarda harbiy xizmatga chaqirilgan Baxtiyor Afg‘onistonda xizmat qilib qaytgach, uning huquqshunos bo‘lish niyatini ham qo‘llab-quvvatladi. Halol xizmat qilishni, insonlar taqdiri bilan hazillashmaslikni uqtirdi. Qahramonimiz Toshkent Davlat yuridik institutini tugatib, ilk xizmatni Yunusobod tumani IIB tergov bo‘limi tergovchisi lavozimidan boshladi.
Tergovchilik – eng qiyin sohalardan biri. Inson hayotini hal qilish oson ish emas. Aybdor bo‘lsa-ku bir nav, beayb bo‘lsa-chi? Holatni qonunan to‘g‘ri baholash ham katta ahamiyatga ega. Har kim qilmishiga munosib jazo olishi kerak. Jinoyatchi ham anoyi emaski, qing‘irligini tan olsa.
Qahramonimiz ustozlari Rustam Alimbekov, Sadriddin Yaxshiboyevlarni katta hurmat bilan eʼtirof etadi.
— Men ustozlarimdan benihoya minnatdorman. Menga sarflagan vaqtlari, bergan o‘gitlarini sira yodimdan chiqarmayman. Zotan, xatolarimni o‘z vaqtida ko‘rsatib, amaliy yordamlarini ayashmagan. Bugungi kunda o‘zim ham shogirdlarimga bilganlarimni o‘rgataman.
Ustozlarining yo‘l-yo‘rig‘iga, o‘gitlariga amal qilgan Baxtiyor topshirilgan ishlarni sifatli va qonuniy hal qilishi tergov amaliyotini to‘g‘ri yuritishi sabab tezda rahbariyat eʼtiboriga tushdi. Shu bo‘limda katta tergovchi, o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi lavozimlarida mehnat qildi. Keyinchalik poytaxt tumanlari tergov bo‘limlarida bo‘linma boshlig‘i lavozimlarida ishladi. Ayni paytda Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi lavozimida xizmatni davom ettirib kelmoqda.
Keyingi paytlarda firibgarlik jinoyatlari ko‘payib bormoqda. Bu haqda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda uzatilayotgan ogohlantirishlar guvohlik beradi. Podpolkovnik B.Abdullayev yaqinginada ana shunday jinoyatlardan birini muvaffaqiyatli fosh etgani borasida to‘xtalib o‘tdi.
— O‘ndan ortiq epizoddan iborat bo‘lgan firibgarlik jinoyatini ochib, sudga oshirishga, jinoyat uchun javobgarlik prinsipi taʼminlanishiga erishdik, - deydi suhbatdoshimiz. – xalqimiz soddadil, ishonuvchan. Afsuski, baʼzi nopok kimsalar ularning bu jihatlaridan o‘z nafs yo‘lida ustalik bilan foydalanishadi. Ayrim rasmiy tashkilotlardagi ortiqcha qog‘ozbozlik, sansalorlik ham odamlarni oson va yugur-yugursiz bitadigan ishlarga rag‘batlantiradi.
Kozim (keltirilgan ismlar shartli) to‘rt marotaba sudlanishiga qaramay, ozodlikka chiqishi bilan yana “eski hunari”ni qo‘msadi. Halol mehnat qilish o‘rniga mo‘may pul topish haqida o‘ylay boshladi. Bu safar u ayollarning his-tuyg‘ularini nishonga oldi. O‘zini aldangan, xiyonat qurboniga aylangan shaxs qilib ko‘rsatib, alaloqibat qarmog‘iga Gulini ilintirdi. Turmushi bo‘lmay ajrashgan Guli ehtiyotkorlikni ham unutib, izmini butunlay “ishning ko‘zini biladigan, tadbirli, puxta, qatʼiyatli, mard” aslida esa nomard erkakning qo‘liga topshirib qo‘ydi.
Butunlay ishonchga kirganini anglagan Kozim Guli orqali ota-onasini uyini sotishga ko‘ndirdi. Nimamish, 80 ming dollarga xaridor topib, chol-kampirga moʻjazgina hovli, o‘zlariga “dom” olarkan, yana bir “dom”ni ijaraga bersa, qariyalar pulni sanab yotaverarkan. Uy sotilib ketdi. Chol-kampirga vaqtincha uy topguncha ijarada turishga to‘g‘ri keldi. Hadeganda “dom” ham topilmadi. O‘ziga avtomashina olgan Kozim, ijaraga uy topib, Guliga uyimiz, deb aldadi. Keksalar uy so‘rashganda ularni boshqa hovliga ko‘chirdi, hujjat talab qilganlarida yana bir hovliga ko‘chirdi. Oxirgi ko‘chishda uddaburon kuyovga ishongan keksalar o‘zlari bilmagan holda, qo‘ni-qo‘shniga kuyov bo‘lmish arzon uy topib berishi mumkinligi haqida “reklama”ni kuchaytirib yuborishgandi. Firibgarning bozorini qizitgan keksalar uy egasi ijara haqqini so‘rab kelishganida chuv tushganini anglashdi. Kozim esa bu vaqtgacha qo‘shnilarning har biridan 5-10 ming dollargacha “zaklad” olib qo‘ygan edi. Vaʼdalarni berib, qorasini ko‘rsatmagach, jabrlanganlar aldanganini sezib, ichki ishlar organlariga murojaat qilishdi. Endi bu firibgar sudlanuvchilar kursisida o‘tiribdi, - deb hikoyasini yakunladi suhbatdoshimiz.
Podpolkovnik B.Abdullayev uch nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi, har biri oliy maʼlumotli, rafiqasi o‘qituvchi, olti nevaraning sevimli bobosi. Bugungi kunda bir paytlar ustozlaridan o‘rganganidek, endilikda o‘zi ustoz bo‘lib, yosh xodimlarga bilim va tajribalarini o‘rgatib, o‘git va maslahatlarini berib kelmoqda. Chunonchi, shogirdlarining yutug‘ida o‘zining ham hissasi borligidan faxrlanishning nashidasi o‘zgacha.