27 Dekabr 2023 Yil 768

KASBIDAN QADR TOPGAN

Iste’fodagi podpolkovnik Shuhratilla Artikov va iste’fodagi katta serjant  Kubaro Artikova juftligiga ko‘pchilik havas bilan qaraydi. Chunki ular uzoq yillar ichki ishlar organlarida fidoyilarcha xizmat qilish barobarida, uch nafar qizini oq yuvib, oq tarab, el koriga yaraydigan insonlar etib tarbiyalashdi.   


Kubaro yoshligidan hisob-kitobga usta edi. Shuning uchun ham ro‘yi zaminning sayqali bo‘lmish Samarqandda tavallud topgan qahramonimizning keyingi taqdiri aynan hisobchilik kasbi bilan bog‘landi. 

U ichki ishlar organlarida faoliyat yuritgani uchun, ayni paytda, ikki kasbning egasi bo‘ldi.

1995-yilda Toshkent shahar IIBB Moliya-iqtisod boshqarmasida yollanma ishchi sifatida xizmatni boshlagan K. Artikova 1999-yildan e’tiboran egniga ichki ishlar organlari libosini kiydi. Bu esa uning mas’uliyatini yanada orttirdi. Shirinsuxan, hech kimdan yordamini ayamaydigan xodima faoliyati davomida ko‘plab xodimlar koriga yaraydi. Kimdir maoshi masalasida, kimdir pensiyaga chiqishi munosabati bilan maslahat so‘rab kelardi. Murojaat qiluvchilarning muammosini erinmasdan tinglab, ularga beg‘araz yordam berardi. Shu tariqa, 2010-yilga qadar faoliyat yuritgan K. Artikova katta serjant unvonida hurmat-e’tibor  bilan pensiyaga kuzatildi. 

O‘z kasbidan qadr topgan xodima xizmat yillari davomida bir qancha shogirdlar orttirdi. Ularga o‘z maslahatlarini berib, kasbining sir-asrorlarini o‘rgatdi. Hozirgacha ham shogirdlarining ko‘pchiligi undan maslahat so‘rab turishadi. 

Ichki ishlar organlarining turli sohaviy xizmatlarida faoliyat yuritgan iste’fodagi podpolkovnik Shuhratilla Artikov ham IIV 

SHTBIXda bo‘lim katta inspektori, muhim topshiriqlar bo‘yicha katta inspektor, bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida samarali xizmat qilib, sohaga fidoyi kadrlarni tanlash, tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shdi.

– O‘zim suygan kasbda faoliyat yuritib, ustozlarimning beminnat o‘gitlarini olib kam bo‘lmadim, – deydi Kubaro Artikova. – Turmush o‘rtog‘im bilan ham sohada xizmat qilish mobaynida tanishganman. Pensiyada bo‘lsam-da, shogirdlarim tez-tez xabar olib, kezi kelganda esa maslahat so‘rab turganidan tanlagan kasbimdan faxrlanib ketaman.

Kuni kecha farzandlari, nabiralari hamda  o‘g‘illardan ham o‘zadigan kuyovlarining duogo‘yi bo‘lgan Shuhratilla aka va Kubaro opa xonadoniga yaqinlari va shogirdlari jamuljam bo‘lishdi. Ular muborak 60 yoshini qarshi olgan Kubaro  opani chin dildan qutlashdi va eng ezgu tilaklarini bildirishdi.


Sarvar SOBIROV,

o‘z muxbirimiz.

Toshkent shahri.

Barcha yangiliklar

Text to speech