Payshanba – «Profilaktika kuni» munosabati bilan Yunusobod tumanida IIO FMB boshlig‘i, tuman hokimi va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, IIO xodimlari, mahalla faollari, kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari ishtirokida qator profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Erta tongda “Hiyobontepa” mahallasi hududida o‘tkazilgan yig‘ilishda profilaktika kuni doirasida amalga oshiriladigan ishlar rejasi muhokama qilindi. Shuningdek, ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy obyektlarda issiqlik taʼminoti, elektr energiya uzluksizligini taʼminlash, tabiiy gaz va ichimlik suv taʼminotida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi. "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida mahallalarda, markaziy va shox ko‘chalar, ijtimoiy obyektlarda bo‘sh yotgan yer maydonlariga daraxt ko‘chatlarini ekish bo‘yicha belgilangan reja ijrosini taʼminlash yuzasidan vazifalar topshirildi.
Profilaktika kuni doirasida tumandagi maktablarda Yunusobod tumani IIO FMB voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar tomonidan o‘quvchilar bilan psixologik trening, «Biz jinoyatchilikka qarshimiz!» shiori ostida profilaktik suhbatlar o‘tkazildi, o‘quvchilarga «Giyohvandlik va uning salbiy oqibatlari» mavzusida videorolik namoyish etildi.
Bundan tashqari, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida, Toshkent pediatriya tibbiyot institut Akademik litseyida tuman IIO FMB xodimlari tomonidan talabalarga kiberxavfsizlikka rioya etish, jinoyatlar va huquqbuzarliklarni oldini olish, giyohvandlikning salbiy oqibatlari yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi. Suhbat yakunida talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar olishdi.
Toshkent shahar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida tuman IIO FMB hamda Oila va xotin-qizlar bo‘limi masʼul xodimlari bilan hamkorlikda voyaga yetmagan qizlar va murabbiylari ishtirokida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni oldini olish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Seminarda mamlakatimizda so‘nggi yillarda yosh avlodning taʼlim-tarbiyasi, ularning bilim olishlari, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, profilaktika kuni doirasida aholini kiberjinoyatlardan ogoh etish, giyohvandlik domiga tushib qolmaslik yuzasidan bozorlar, savdo majmualari, shohbekatlar, qurilish obyektlarida tushuntirish targ‘ibot ishlari olib borildi, ogohlikka chaqiruvchi flayerlar tarqatildi.