Poytaxtimizning Bektemir tumanida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi. Tumanning “Bektemir” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida o‘tkazilgan qabulga oltmishdan ortiq fuqarolar o‘zlarini qiynab kelayotgan savollar va muammolariga javob topish maqsadida tashrif buyurishdi. Qabulga kelgan har bir fuqaro rahbar tomonidan tinglanib, murojaatlari o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida 45 nafar fuqaroning murojaatlari ijobiy hal etildi. 7 nafariga huquqiy yo‘l-yo‘riqlar va tavsiyalar berildi. 9 ta murojaatlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra tegishliligi bo‘yicha masʼullarga topshirildi hamda ijobiy hal etish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, tumanning Olmos ko‘chasida yashovchi M.Olganing yashab turgan xonadonida sodir bo‘lgan yong‘indan so‘ng olib borilayotgan taʼmirlash ishlariga qurilish mollari bo‘yicha yordam ko‘rsatish haqidagi iltimosnomasi yuzasidan murojaat qilinib, ijobiy hal etilishiga erishildi. Fuqaro 1976 yilda tug‘ilgan X.Raʼnoning uyini taʼmirlash jarayonida to‘planib qolgan daraxt shox-shabbalarini Maxsustrans tomonidan olib ketilmayotganligi masalasi bo‘yicha tuman Maxsustrans rahbariyatiga qo‘ng‘iroq qilish orqali ijobiy hal etildi. 1980 yilda tug‘ilgan A.Durdonaning ishga joylashish masalasidagi murojaati ham ijobiy hal etilib, unga tumanda joylashgan ikkita tashkilotdagi bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Probatsiya hisobidan chiqarish masalasida amaliy yoram so‘rab murojaat qilgan 1983 yilda tug‘ilgan G.Kamilning maʼlumotlari, axloq-odobi o‘rganilib, suhbat o‘tkazilgach, soha xodimlari xulosasiga tayanib ijobiy hal etildi.
Har bir fuqaroning murojaatini tinglash, savollariga tegishli qonuniy yechim topish, og‘irini yengil qilish, qo‘llab-quvvatlash, o‘z muammolari girdobiga tashlab qo‘ymaslik kabi insonparvarlik fazilatining namoyishi har bir vakolatli shaxs tomonidan, xususan, Toshkent shahar IIBB, uning hududiy tuzilmalari rahbarlari tomonidan izchil amalga oshirib kelinmoqda.