“2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1 Qarori ijrosi qanday ta'minlanayotganini o‘rganish ishlari tumanlarda davom etmoqda.
Xususan, Toshkent shahar Shayxontohur tuman hokimi Bobir Abubakirov boshchiligidagi ishchi guruh 3-sektor rahbari – tuman IIO FMB boshlig‘i polkovnik Otabek Jamolovga biriktirilgan, qizil toifaga kiritilgan “Katta hovuz” mahallasida bo‘lib, qaror ijrosi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan qiziqishdi. Ular mahalla yettiligi tomonidan olib borilayotgan ishlar jumladan, mahalla hududida yashovchi huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyilligi bo‘lgan 8 nafar shaxs bilan olib borilayotgan profilaktik-ogohlantirish ishlari bilan yaqindan tanishib, ushbu shaxslarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berishdi. Shuningdek, mahallada joylashgan 11 ta xonadon o‘rganildi. Mahalla fuqarolari muammolarini o‘rganish natijasida bir nafar fuqaro kasb egallash uchun o‘qishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2 nafari ishga joylashtirildi, 4 nafarining bandligi ta'minlandi, 5 nafari bilan esa profilaktik-tushuntirish suhbatlari olib borildi. Shuningdek, sektor rahbarlari mahalla hududida joylashgan 1-shahar klinik shifoxonasi va Perinatal markaz hududlarida bo‘lib bu maskanlarda bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar qatori yangi qurilayotgan binodagi qurilish jarayoni, mahalla hududiga 30 ta, shifoxona hududiga 20 ta: jami 50 ta kuzatuv kameralari o‘rnatilishi yuzasidan olib borilayotgan ishlar holatini o‘rganib, ishni jadallashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Sektor rahbarlari mahalladagi olib borilayotgan hamda rejalashtirilgan chora-tadbirlarni o‘rganish jarayonida qaror ijrosini to‘laqonli bajarilishi borasida fikr-mulohazalari hamda tavsiyalari bilan bo‘lishdilar.