Kishining tabiatida ochko‘zlik, nopoklik bo‘lsa, irodasi mustahkam bo‘lmasa, oxiri nafsi g‘olib chiqib, o‘zini ko‘rsatishi aniq ekan. Omad chopib Doniyor masʼuliyati cheklangan jamiyatga urfda bo‘lgan menejer lavozimiga qabul qilindi. Mazkur jamiyat yigirmadan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida qishloq xo‘jalik texnikalarini yetkazib berish borasida faoliyat yuritishini hisobga olsak, uning imkoniyatlarini, ayniqsa moliyaviy imkoniyatlarini tasavvur qilish qiyin emas. 2022 yilning oktyabr-dekabr oylarida shunday xo‘jaliklar tomonidan katta miqdordagi 246 829 299 so‘m to‘lovlar taqdim etiladi. Bunday katta summani ko‘rgan Doniyorning yuragining qaysidir chetida g‘imirlab qolgan nafsi junbushga keldi. Uning tinchi yo‘qoldi. Qanday qilsa, bu pullar uning cho‘ntagiga tusharkan-a?! O‘ylay-o‘ylay, chorasini topdi. Pullarni korxonaning hisob raqamiga kirim qilmay, o‘zining shaxsiy plastik kartasiga tushirishga erishdi. Vijdoni qiynalmay, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yubordi. Oktyabr oyida birlamchi to‘lov sifatida to‘langan 12 698 000 so‘mni o‘zlashtirish maqsadida, kompyuter imkoniyatlaridan foydalangan holda, “naqd pul ko‘rinishida to‘lov” degan yozuvlarni kiritib, pul topshirgan Egamqulga soxta hujjat berdi. Ishtahasi hakalak otgan Doniyor korxonaga tegishli bo‘lgan pullarni o‘ziniki deb hayol qildimi yoki javobgarlikni butunlay unutib qo‘ydimi, fermer xo‘jaligi rahbari Sarvarni aldab, qarzdorlik bartaraf etilmagan deya, 9 651 000 so‘mini firib yo‘li bilan o‘zlashtirib, buni ham o‘z ehtiyojlariga sarflab yubordi. Biroq xo‘jalik rahbarlari u o‘ylaganchalik pulning hisobini bilmaydigan, pul oqib keladigan o‘zan boshida o‘tirganlardan emas edi. Pul topshirib ham xo‘jalik uchun havodek zarur texnikalarini ololmagan rahbarlar ichki ishlar organlariga murojaat qilishdi.
– Oliy maʼlumotli, ikki nafar farzandli, oq-qorani tanigan yoshda bo‘lgan Doniyorning qilmishini oqlab bo‘lmaydi, – deydi Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Davron Mahkamov. – Mana shu tushgan pullardan jamiyat ishchilariga maosh beriladi, shart-sharoitlar yaratiladi va korxona faoliyatini yuritish choralari ko‘riladi. Biroq Doniyor faqat o‘zining huzur-halovatini o‘yladi.
Shu o‘rinda bir narsani taʼkidlamoqni lozim topdik. Huzur-halovat o‘zgalar haqiga xiyonat, qonunni buzish, ishxona mulkini talon-taroj qilish evaziga bo‘lmasligi kerak.
Tergovchi tomonidan jinoyat ishi har tomonlama to‘liq va xolisona olib borilib, aybdorning harakatlari to‘g‘ri malakalanib, tegishli mahkamalarga topshirilishiga erishildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan aybli deb topilgan Doniyorga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligini inobatga olib, har oylik ish haqining 20 foizi davlat foydasiga ushlab qolingan holda ikki yilga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.