Bozorga borganlar, doʻkonlarga kirganlar u yerdagi buyumlarni koʻrganida hammasidan sotib olgisi keladi. Har kuni yangidan yangi, bir-biridan afzal va diltortar narsalar odamga “meni ol, meni ol” deya jilva qiladi. Eʼtiqodsiz, irodasiz, havoyi, nafsini tiya olmaydigan kimsalar bu tuzoqqa oson tushadilar. Kamoliddin 2022-yilning 16-noyabr kuni soat 15.00 larda Chilonzor buyum bozorini aylanib yurarkan, uyali telefon apparatlari sotuv doʻkoniga kirdi. Sotuvchi N.Nabi uni xaridor hisoblab, telefonlar haqida maʼlumotlar bera boshladi. Kamoliddin uning gaplarini maʼqullab, hozir xarid qilmasligini, shunchaki, narxlar bilan tanishayotganini aytib, pavilyonlarga terib qoʻyilgan telefonlarni koʻzdan kechirarkan, Nabi boshqa xaridor bilan band boʻldi. Bundan foydalangan Kamoliddin narxi 2.000.000 soʻm boʻlgan “Samsung A 12 S” telefonini choʻntagiga solib doʻkonni tark etdi. Uni “Oʻrikzor” bozorida 500.000 soʻmga sotib yubordi. Jinoiy harakatlarini davom ettirib, 26-noyabr kuni tumanning Qatortol koʻchasida joylashgan doʻkonga kirdi. Doʻkon egasi Z.Husniddinning roʻparadagi dorixonaga chiqib ketganligidan foydalanib, narxi 2.000.000 soʻmlik “VIVO Y 20” telefonini oʻgʻirlab, voqea joyidan yashirinadi. Telefonni 600.000 soʻmga sotib yuboradi. – Muqaddam sudlanmagan Kamoliddin tergov jarayonida oʻz hatti-harakatlarini izohlab bera olmadi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, kapitan Ogʻabek Qilichov. – Oʻziga toʻq, yaxshi oilaning farzandi boʻlgan, qiyinchilik, yetishmovchilik koʻrmay oʻsgan 25 yoshli bu yigit aybiga toʻla iqror boʻlib, jarbdiydalardan kechirim soʻradi. Ular ham oʻz oʻrnida yetkazilgan zararning qoplanganligi bois aybdorni kechirib, suddan yengilroq jazo berishlarini iltimos qilishdi. Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida Kamoliddinning qilmishini qonuniy baholab, uni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Oʻgʻirlik”) bilan aybli deb topdi. Ayblanuvchining jabrdiydalarga yetkazgan zararni toʻliq qoplaganligi, ota-onasining ogʻir bemorligi va mehnatga layoqatsizligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligini inobatga olib, mazkur kodeksning 57-moddasini qoʻllab, 1 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Shuningdek, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash va ish joyini oʻzgartirmaslik, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik, yashash joyini soat 22.00dan soat 06.00gacha tashlab ketmaslik, internet-klub, tungi klublar hamda boshqa koʻngilochar joylarga bormaslik kabi cheklovlar ham belgilandi.