“Qizil tanlilar sardori” yoxud “tirkama” operatsiyasi
(I-qism)
Sirojiddin bir emas to‘rt marotaba sudning qora kursisida o‘tirgan. O‘g‘irlik jinoyati uchun turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan. Biroq bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan. Boz ustiga yoniga niyati buzuq, mehnat qilmay pul topish ilinjida bo‘lgan Aziz, G‘ayrat, Jasurbek kabi sheriklarni birlashtirib jinoyatga yetakladi. Xavfli retsidivist maqomini olgan Sirojiddin 2024 yilning fevralida Bektemir tumanida joylashgan yirik bozorlardan birini aylanib yurarkan, yuk mashinasi tirkamasiga e’tibor berdi. Tirkamaning chang bilan qoplanganligi, turar joyidan siljimaganligi, biror joyiga inson qo‘li tegmaganligi uning anchadan buyon bu yerda qarovsiz turganligidan darak berardi. Aslida u ushbu tirkamani allaqachon ko‘z ostiga olgan, ammo nazoratsizligiga yana bir bor ishonch hosil qilish uchun bu yerga tashrif buyurgandi. U tezda yigitlar bilan bog‘lanib, rejasi bilan bo‘lishdi. 21 fevral kuni soat 19.30 larda ular tirkama o‘zlariniki ekanligiga ishontirib, million so‘m ish haqqi evaziga “KamAZ” yuk mashinasini gaplashib tirkamani olib chiqib ketishdi. Uni metall bazasiga topshirmoqchi bo‘lishganida, baza xizmatchisi tirkamaning hujjatlarini so‘radi. Rejasi barbod bo‘lgan yigitlar yana bir million so‘m kira haqqi gaplashib uni boshqa metall qabul qilish punktiga olib borishganida bilishdiki, tirkamani shundayligicha topshirishning iloji yo‘q. Uni faqat bo‘laklarga bo‘lib sotish mumkin. Shu niyatda ular payvandchi qidirishga tushdilar. Payvandchi xizmat haqiga 1.500.000 so‘m so‘radi. Shunday qilib 25 million so‘mlik bus-butun tirkama zo‘r-bazo‘r 7.500.000 million so‘mga sotildi. Haydovchilar, payvandchiga berilgan chiqimlardan tashqari, shuncha ovoragarchilik, daxmaza, birov bilib qolishidan qo‘rquv-hadik natijasida atigi bir milliondan pul “ishlagan” sheriklarning hafsalasi pir bo‘lib, alam qilgandan alam qildi. Ichidan zil ketganiga qaramay Sirojiddin ularni tinchlantirishga urindi. “Tirkama egasiz, xotirjam bo‘linglar, uni hech kim qidirmaydi”, deya ovutishga tirishdi. Biroq yigitlar mabodo egasi ichki ishlarga murojaat qilsa bormi, holi voyligini yaxshi tushunishardi. Ularning xavotiri bejiz emaskan. Mart oyining ilk kunlarida Jasurbek Sirojiddinga qo‘ng‘iroq qilib, tirkamaning egasi qidirayotganligini aytganida, uning paytavasiga qurt tushib, bezovtalanib qoldi. Tirkamaning egasi agar 35 million so‘m bermasa, ichki ishlar organlariga murojaat qilishini aytib, do‘q-po‘pisaga o‘tgandi. “Uch kun muhlat senlarga, – dedi qat’iy tirkama egasi Toir. 35 million so‘m – gap tamom”.