Farhodbek o‘ta xushmuomala, suhbatga tez kirishuvchanligi, ochiqligi, suhbatdoshida yaxshi fikr qoldirishi bilan ajralib turadi. Uning bu sifatlari bir necha bor soddadil fuqarolarni chuv tushirib, ikki marotaba sudning qora kursisiga o‘tirishiga, yolg‘on ko‘z yoshlari to‘kib, yengil jazo olishiga sabab bo‘lgan. Biroq shunga qaramay qilmishlaridan tegishli saboq olmagan ko‘rinadi. 2024 yilning boshidayoq eski hunarini qo‘msab, bezovtalana boshladi. 10 yanvar kuni tavakkal qilib Chilonzor tumanida joylashgan yirik savdo markaziga yo‘l oldi. Markaz oldida H.Tohirjon bilan tanishib, suhbatga tortdi. U yoq-bu yoqdan boshlangan suhbat juda samimiy, do‘stona tus oldi. Gurunglashisharkan Tohirjon 1.200 AQSH dollariga sotib olgan “Iphone 14 PRO Max” uyali telefonini pul kerakligi bois sotmoqchi ekanligini aytib qoldi. Farhodbek darhol tashabbusni qo‘lga olib, bir tanishi xuddi shunday telefon olmoqchiligini, puli tayyor ekanligini aytadi. Go‘yoki rost gapirayotganini isbotlash uchun telefonda qandaydir raqamlar terib – ammo negadir sal chetroqqa chiqib gaplashgan bo‘ldi. Afsuski, allaqachon uning “to‘riga” ilingan Tohirjon uning bu harakatiga eʼtibor bermadi. Tohirjonning katta bir muammosini hal qilgandek, xursandchilik bilan “ish pishganini”, 20 yanvar kuni xuddi shu yerda uchrashib pulini berishga ishontirdi va telefonini cho‘ntagiga soldi. Shu ketgancha suvga tushgan toshdek qorasini ko‘rsatmadi. Tohirjon vaʼdalashgan kuni uchrashuv joyiga kelib sarg‘aygancha kunni o‘tkazdi. Bilmaydiki, hojatbaror tanishi o‘sha kunning o‘zidayoq telefonni arzon garovga sotib, allaqachon pullarni o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborganligini. Nihoyat aldanganligini anglab yetgan Tohirjon ichki ishlar idoralariga murojaat qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi ochiq sud majlisida 1975 yilda tug‘ilgan, muqaddam shunga o‘xshash jinoyatlari uchun sudlangan B.Farhodbekning jinoiy qilmishlariga qonunan baho berib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybdor deb topdi. Sud aybdorning chin dildan pushaymonligi, moddiy zararni to‘liq qoplaganligini eʼtiborga olib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari bilan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shahzod Anvarov tanishtirdi.