20 Iyun 2024 Yil 1308

Ishongandim do‘stimga...

— Telefoningni berib tur, qo‘ng‘iroq qilib olay.

Rustam (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘rtog‘iga o‘zining telefoni pul yo‘qligi sabab o‘chib qolganini bahona qilib,  telefonni so‘radi. Do‘stlarning bir-biridan narsa so‘rashi albatta, odatiy hol, buning  yomon tomoni yo‘q. Do‘stlar bir-birlariga ishonishi kerak, har holda ularning biri shunday deb o‘ylardi. Bu suhbat 2023 yilning may oyida bo‘lib o‘tdi.  Keyinchalik bu murojaat ortidagi aldash, xiyonat natijasida o‘rtadagi munosabatlarga putur yetib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga olib keldi. Jinoyat tafsilotlari bilan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergovchisi, leytenant Iqbol Turg‘unov tanishtirdi.

Og‘ir-vazmin, mushohadali Temur hamisha sarguzasht ishqibozi bo‘lgan Rustamning aksi. Ikki do‘st oliygohni bitirib, nufuzli firmalarda ish boshlashdi. Yuqori maosh, mukofot pullari, mansab pog‘onalarida yuqorilash imkoni ikkisiga yirik omad kulib boqqanidan darak edi. Biroq har biri bu imkoniyatlardan har xil foydalanardi. Rustam bor topganini kayf-safoga sarflar, oy oxiriga borib, cho‘ntagida hemiri qolmasdi. Har safar Temur uning joniga aro kirardi. Temur bir necha bor uning bu  tarallabedod  yurish-turishi noto‘g‘ri ekanligini tushuntirishga urindi. Biroq u yoshlik o‘ynab-kulish uchun berilganligini taʼkidlardi. Har doimgidek, oyning o‘rtasiga kelib Rustamning cho‘ntagida hech vaqo qolmadi. Shundoq ham Temurdan qarzi bo‘lgan Rustam bu gal undan pul so‘rashga or qildi va reja tuzdi. Voqeaning boshidagi holatni ko‘z oldingizga keltiring: u Temurning telefonini olib ko‘chaga otildi. Avvaldan uning ilovasidagi barcha parollarni bilib olgan Rustam ilova orqali do‘stining 600 ming so‘mini o‘z kartasiga o‘tkazib yubordi. Aslida Temur ularni do‘stidan sir tutmagan ham edi. Ikki hafta o‘tib yana 1.700.000 so‘mini o‘tkazdi. Do‘stining  qing‘irligiga shubha qilmagan Temur bir oydan so‘nggina uyali telefoni orqali uning nomiga onlayn kredit rasmiylashtirilganligini bilib, bank maʼmuriyatiga eʼtiroz qilgani yo‘l oldi. Holat bo‘yicha o‘tkazilgan tergov ishlari poyoniga yetib, tergovchidan  o‘z do‘sti uni laqillatganini bilgan Temur avvaliga ishongisi kelmadi. Ammo dalillarga qarshi borib bo‘lmaydi.

Mazkur  ish bo‘yicha Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“O‘g‘irlik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov yakuni bo‘yicha jinoyat ishi qonuniy chora ko‘rish uchun ayblov xulosasi bilan sudga taqdim etildi.  Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi tomonidan Rustamga qilmishlari uchun uch yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech