Aleksey Goncharov bolaligidan jonivorlarga, ayniqsa kinofilmlardagi “Muxtar, “Yo‘lbars”,“Reks”, “Sharik” va boshqa xizmat-jangovar itlarining insonlarga beqiyos ko‘magi, aqli va vafodorligi, jasorat namunalarini ko‘rib, albatta kinolog bo‘lishni diliga tukkandi. Bu orzu uni 2004 yilda poytaxt IIBBning PPX va JTSB Kinologiya xizmatini muvofiqlashtirish bo‘limiga yetakladi. Dastavval unga “Alt” laqabli nemis ovcharkasi biriktirildi. Aleksey portlovchi moddalar bilan ishlashga o‘rgatilgan bu to‘rt oyoqli tiyrak “hamkasbi” bilan tezda til topishdi. Poytaxtimizda o‘tkaziladigan yirik va nufuzli anjumanlar, sport tadbirlari, bayram tantanalari, xalq sayillari, shodiyonalarning tinch va osoyishta o‘tishi, qatnashchi va tomoshabinlarning xavfsiz hordiq chiqarishini taʼminlashda Altning xizmati betakror bo‘ldi. Bu jarayonlarda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasida Alt hech qachon pand bermagan.
– Zamon ilg‘or texnologiyalari qanchalik rivojlanib bormasin, itlarning hid bilish, xavfni oldindan sezish qobiliyatini hech biri bosa olmaydi, – deydi lavhamiz qahramoni. – Hatto bir qarashda kayfiyatingizni ham bilib oladi. Tilsiz bo‘lsada dalda berishni eplaydi. Bu beminnat ko‘makchilarimizning aʼlo xizmatlarini qancha gapirsak shuncha oz. Ular faqat bir narsa ilinjida – bu ham bo‘lsa – mehr. Samimiy mehr. Aslida inson ham shu narsaga muhtoj. Ehtimol, aytganlarim kimlargadir erish tuyular, lekin jonivorlar o‘zgacha hurmatga sazovor va uni o‘rniga qo‘yish kerak.
Ayni chog‘da safdor, Kinologiya xizmati kichik inspektori Aleksey Goncharov “Betti” laqabli nemis ovcharkasi bilan iz-qidiruv yo‘nalishida – har ikkisi sidqidildan xizmat olib borishmoqda. Uning fidoyi mehnatlari poytaxt IIBB rahbariyati tomonidan munosib baholanib kelinmoqda. Yurtimiz Mustaqilligining 33-yilligi arafasida u davlat mukofotiga tavsiya etildi. Kuni kecha esa Prezidentimizning Farmoni bilan “Sodiq xizmatlari uchun” medaliga sazovor bo‘ldi.
Qahramonimiz mehnatlari munosib taqdirlanganidan behad minnatdor.
– Alekseyning o‘ziga biriktirilgan xizmat itlari bilan tezda til topishishi, ularni aʼlo tarbiyalashi, belgilangan sohasiga oson yo‘naltirishi hamda samarali foydalanishini alohida taʼkidlash joiz, – deydi bo‘linma boshlig‘i, kapitan Oybek Baymatov. – U o‘z faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar yetishtirganini alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman. Zotan, bu sohada faoliyat olib borish uchun inson o‘zgacha iqtidorga, o‘zgacha sifatlarga ega bo‘lishi lozim. Avvalo o‘z ishini, jonivorlarni sevishi kerak. Ularni o‘z jismining bir qismi sifatida qabul qilsagina muvaffaqiyatga erishadi. Alekseyda bunday xislat mujassam. O‘z ishining fidokori. Jonivorlarni hurmat qiladi va ular ham o‘z navbatida unga hurmat bilan javob beradi.
Qahramonimizni kelayotgan istiqlol tantanasi hamda yuksak mukofot bilan muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, xonadoniga tinchlik, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash yo‘lidagi ishlariga yuksak muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.