13 Yanvar 2023 Yil 559

Hurmatli fuqarolar, sovuq kunlar davom etmoqda, is gazi zahridan ogoh bo‘ling!

Havo haroratining keskin o‘zgarishi va kunlarning sovishi isitish jihozlariga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Biroq isitish manbalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida is gazi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalar, eng achinarlisi, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelib, insonlar qurbon bo‘lishi mumkin.
Maʼlumki, is gazi rangsiz, hidsiz zaharli birikma bo‘lib, tabiiy gaz, yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari to‘liq yonmasligi oqibatida hosil bo‘ladi.
Is gazidan zaharlanmaslik va yong‘in kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun quyidagilar tavsiya etiladi:
- gaz plitasidan xonani isitishda foydalanmaslik;
- gaz plitasining ustida kiyimlarni quritmaslik;
- yosh bolalarni gaz uskunalari yaqinida qarovsiz qoldirmaslik;
- gaz plitasini nazoratsiz yoqilgan holatda qoldirmaslik;
- gaz sizib chiqayotganini ochiq olov, masalan gugurt chaqib tekshirib ko‘rmaslik;
- gaz ballonlarini issiqlik manbaiga yaqin joyda qoldirmaslik.

Agar xonada gaz hidi sezilsa nima qilish kerak?
- oyna va eshiklarni zudlik bilan ochish va ko‘chaga toza havoga chiqish;
- 104 raqami orqali gaz xo‘jaligi avariya-dispetcherlik xizmati yoki 1050 raqami orqali qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish;
- is gazidan zaharlangan shaxs bo‘lsa, zudlik bilan toza havoga olib chiqish va 103 raqami orqali tez tibbiy yordam xizmati xodimlarini chaqirish.

Unutmang! Gaz hidi sezilganda chiroqni yoki olov yoqish, elektr uskunalarni ishga tushirish qatʼiyan taqiqlanadi!

Barcha yangiliklar

Text to speech