24 Yanvar 2025 Yil 169

Insoniy qadriyatlarimiz amalda

Xato qilish insonga xos, ammo xatosini anglamaslik, uni to‘g‘irlashga intilmaslik eng katta xatodir. Bilib-bilmay qilgan jinoyati uchun pushaymonlik, to‘g‘ri yo‘lni tanlash va o‘z halol mehnati bilan aybini yuvishga harakat albatta, e’tiborsiz qolmaydi. Toshkent shahar Uchtepa tumani IIO FMB Majlislar zalida Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining sayyor sudi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limida hisobda turuvchi ana shunday jazo muddatini o‘tab, mehnatga halol munosabatda bo‘lgan, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan yetmish nafarga yaqin mahkumlarni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan, shartli ravishda ozod qilish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Har bir mahkumning axloq-odobi, qilmishlariga munosabati, jazoni o‘tash vaqtida chiqargan xulosalari bilan tanishish jarayonida 13 nafar mahkum mazkur moddaga binoan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi. Ikki nafar jazodan bo‘yin tovlab, belgilangan qonun talablariga bepisandlik qilgan mahkumlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 46-moddasi 4-qismi bilan jazo turini og‘irroq jazo turiga almashtirish bo‘yicha kiritilgan taqdimnoma qanoatlantirildi. Ularning biriga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, ikkinchisiga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanildi. Tadbir davomida, sud hukmi va ajrimiga asosan tuman probatsiya bo‘limi hisobiga yangi olingan 15 nafar nazorat ostidagi shaxslarning bandligini ta’minlash va ularni kasbga yo‘naltirish maqsadida, ular tuman Aholi bandligi va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limiga olib borildi. Bu yerda bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirildi va ishlash xohishini bildirgan shaxslarga yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, mahkumlarning tuman “Katta Cho‘pon-ota” mahallasida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga tashrifi uyushtirilib, ular ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur ishga qiziqish bildirganlar bilan korxonaning o‘zida suhbatlar uyushtirilib, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni olib borildi. Bu kabi jinoyat sodir etib, o‘z xatosini anglagan, to‘g‘ri yo‘l tanlagan shaxslarga berilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar milliy qadriyatlarimizning yorqin namunalaridir.
Xuddi shunday tadbir Yashnobod tumanida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazi binosida ham bo‘lib o‘tdi. Unda nafaqat tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limida hisobga olinganlar balki, tuman mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan yuritilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olingan ishsiz, kam ta’minlangan, ehtiyojmand xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, foydali mashg‘ulotlarga jalb etish maqsadlari ko‘zda tutilgan bo‘sh o‘rinlar mehnat yarmarkasi tashkillashtirildi. Tadbirda maxsus daftarlarda ro‘yxatda turuvchi 21 nafar, tuman IIO FMB Probatsiya nazoratida jazo o‘tab kelayotgan 12 nafar shaxslar mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishib, o‘zlari tanlagan ishlarga yo‘llanmalar olishdi. Probatsiya nazoratidagi ikki shaxsga esa “Ishga marhamat” monomarkazidagi kasbga tayyorlash o‘quv kurslariga yo‘llanma berildi. Bunday xayrli va ezgulikka yo‘g‘rilgan tadbirlarni uyushtirgan mutasaddilar kelgusida aholi bandligi va daromadlarini oshirishga e’tibor qaratish barobarida maktab va oliygohlarni bitirib, ilk bora mehnat bozorlariga qadam qo‘yayotgan yoshlarni ham kasbga yo‘naltirish, ish bilan ta’minlash borasidagi ishlarni ustuvor vazifa sifatida belgilab olishdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech