Ichki ishlar idoralari xodimlari deganda, kishining ko‘z oldiga, kuchli, irodali, og‘ir-vazmin, jismonan va ruhan baquvvat, asablari temirdek mustahkam kimsa gavdalanadi. Fuqarolar bilan xushmuomala, hamisha tetik va g‘ayratli. Ammo ularda ham asab borligi, ular ham ruhan va jismonan charchashi mumkinligi xayolga kelmaydi. Ularning ham tashvishlari, uy-ro‘zg‘or yumushlari, ota-onasi, oilasi, yaqinlari borligi, biri bo‘lmasa birisi qayg‘u-alam keltirishi mumkinligi-chi... Forma kiyganlar ham boshqalar kabi oddiy insonlar, hayot tashvish va quvonchlaridan bebahra emas. Baʼzan xizmatning zalvori eng irodali insonni ham egib qo‘yishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?!
Odamlar bilan ishlash o‘ta og‘ir jarayon. Kimdir o‘qigan, kimdir o‘qimagan, birovga bitta gap yetarli, birovga yuz takrorlasang ham tushunmaydi. Xizmat olib borish davrida ana shunday turfa feʼlli shaxslar bilan muloqot qilishga to‘g‘ri keladi. Qoidabuzar, qonunbuzarlar, jinoyatchilar bilan gaplashish darhaqiqat, oson emas. Nafaqat yuqoridagilar balki, uydagi tushunmovchiliklar, yetishmovchiliklar ortidan yuzaga keluvchi noxush vaziyatlar bora-bora asabbuzarlik, jizzakilik va boshqa salbiy holatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ular esa xodimlarning ish faoliyatiga jiddiy taʼsir ko‘rsatmay qolmaydi.
Shaxsiy tarkib o‘rtasida sog‘lom maʼnaviy-ruhiy muhitni shakllantirish, ruhiyatini yaxshilash, sog‘lom fikrlash, shaxslararo munosabatlarda ijobiy xislatlarni singdirish, turli nizolarning oldini olish, xizmatga ijtimoiy moslashuv darajasini ko‘tarish, har bir xodimning ruhiy va tabiiy erkinligini his etishi masalalari Toshkent shahar IIBB rahbariyatining doimiy eʼtiborida. Mazkur yo‘nalishda zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish Bosh boshqarma maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmatida faoliyat yuritayotgan psixologik guruhning birinchi navbatdagi vazifasidir. Ular uchun har bir xodimning ruhan va jismonan xizmatga shayligi o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
- Xodimning ruhiyatini o‘rganar ekanmiz, uning o‘zgarishiga turtki bergan sabablarni ko‘rib chiqamiz,- deydi bosh psixolog, kapitan Baxtiyor Mirzayev.- Xodimning shaxsi, oilasi, xizmatdan tashqari hayoti, qiziqish va dunyoqarashiga katta eʼtibor beriladi. Avvallari xodimlar qabulimizga kelgan bo‘lsa, hozir o‘zimiz xodim oldiga boramiz. Har bir suhbatga alohida tayyorgarlik ko‘riladi. Eng asosiysi, samimiy suhbatlashishga erishishdir.
Bugun poytaxtimizning barcha tuman IIO FMBlarida psixologlar xizmati yo‘lga qo‘yilib, ular har bir xodimni psixologik-emotsional holatini nazorat qilish, muammolarini ijobiy hal qilish borasida zaruriy ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Maqsad - xodim xizmatga keldimi, o‘z ishini fidoyilik bilan halol va sidqidildan bajarsin. Bir xayoli yechimini kutayotgan oilaviy muammoni hal etish, bir xayoli uydagi mojaro, yaqinlarining tashvishi bilan band bo‘lmasligi lozim. Uydan ko‘ngli to‘q odamning ishi ham barakali bo‘ladi.
- Aksariyat xodimlarning ruhiyatida o‘zgarish oiladagi tushunmovchiliklar, ijtimoiy-maishiy masalalar ortidan, - suhbatni davom ettiradi psixolog-poligrafolog, katta leytenant Nodira Ibragimova. – Ushbu holatlarda rahbariyat, Bosh boshqarma xotin-qizlar kengashi aʼzolari hamkorligida tushuntirish ishlari olib boriladi, muammolar o‘rganiladi. Aytish mumkinki, ko‘plab masalalar birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida o‘z ijobiy samarasini bermoqda.
Inson ruhiyati sirlidir. Ayrim hollarda bir og‘iz so‘z dardga malham bo‘lsa, boshqa bir holatda hayotiga zomin bo‘ladi. Psixologlar har bir xodimning qalbiga yo‘l topib, ularning o‘z xizmat burchlarini sidqidildan, fidoyilik bilan bajarishiga maʼlum darajada hissalarini qo‘shib kelayotganidan mamnunlik tuyadilar. Har bir safda sog‘lom, hushyor va xizmatga shay xodim xizmat qilishi hamkorlikda olib borilgan ishlarning yaqqol ko‘rsatkichidir.