Joylarda rahbarlar tomonidan fuqarolarning soha bilan bog‘liq muammo va murojaatlariga javob topish maqsadida bevosita shaxsiy qabullarning o‘tkazilishi o‘z samarasini bermoqda. Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbarining topshiriqlarini bajarish maqsadida tashkil etilayotgan bu kabi shaxsiy va sayyor qabullar orqali aholi muammolari qonunan hal etilib, ularning huquq va manfaatlarini himoyasi, qonun ustuvorligi tamoyiliga ishonchi ta’minlanmoqda. Fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilish, xavfsizligini ta’minlash, shuningdek ijtimoiy muammolariga amaliy yechim topish maqsadida kuni kecha Shayxontohur tumani IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Otabek Jamolov tomonidan navbatdagi qabul bo‘lib o‘tdi. Unda jami yigirmaga yaqin murojaatlar tinglanib, ko‘rib chiqildi. Qabul qilingan murojaatlardan 13 tasi tegishli huquqiy asoslarga tayanib ijobiy hal etildi, qolgan 5 ta murojaat bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruv va o‘rganish talab etilishi bois ijro muddatlari belgilanib, nazoratga olindi va qonuniy yechimi bo‘yicha mas’ullarga alohida vazifalar yuklatildi. Maqsadli qabullar Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ulug‘bek Mirzaqambarov tomonidan ham o‘tkazildi. Qabulga tashrif buyurgan 21 nafar fuqarolarning 32 ta murojaatlari mazmunan – yaqinlariga (keksa, betob, nogiron) pasport almashtirishda sayyor xizmat ko‘rsatish; voyaga yetmagan farzandlariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish; eksterritorial tamoyili asosida ID-karta rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatish; doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish, bekor qilish; fuqarolikni belgilash masalalari kabilarni tashkil etdi. Jami 32 ta murojaatdan 16 tasi joyida ijobiy hal etildi. Xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun tushgan 5 ta murojaat bo‘yicha tekshiruv jarayoni kechayotganligi tufayli bu haqda fuqarolarga tushuntirishlar berildi. 2 nafar fuqaroga 16 yoshga to‘lishi munosabati bilan rasmiylashtirilgan ID-karta shu yerning o‘zida tantanali ravishda topshirildi. Fuqarolarning biri ko‘rsatgan xizmati, xushmuomalaligi, e’tibori uchun Shayxontohur tumani IIO FMB MvaFRB xodimlariga o‘z minnatdorligini bildirdi. Yana bir fuqaro farzandi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rasmiylashtirishda xatolikka yo‘l qo‘yilgani, uni to‘g‘irlab berish bo‘yicha qilgan murojaati qabul davomida bartaraf etildi. 7 nafarining murojaatlari (fuqarolikni belgilash, doimiy va vaqtincha ro‘yxatga olish, bekor qilish masalalari) mas’ul xodimlar tomonidan o‘rganib chiqilgandan so‘ng qonuniy qaror chiqarish uchun nazoratga olindi. Har bir shaxsning murojaatlari diqqat bilan tinglanib, qonuniy ravishda hal etilishi, huquqiy tavsiya va maslahatlar berilishi, jamiyatimizda hech bir inson e’tiborsiz, yolg‘izlatib qo‘yilmaganidan darak beradi. Bu kabi insonparvarlik tamoyillari poytaxtimizning barcha tumanlarida amalga oshirib kelinmoqda.