Poytaxtimizning Chilonzor tuman hokimligi binosida shahar aholisining murojaatlarini o‘rganish maqsadida Toshkent shahar IIBB rahbariyati, shahar Xalq qabulxonasi mudiri va tuman hokimining navbatdagi sayyor qabuli o‘tkazildi. Qabulga yuridik hamda shaxsiy fuqarolardan 56 ta murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlarni o‘rganish, fuqarolar bilan yuzma-yuz suhbatlashish jarayonida 13 nafar fuqaroning muammolari joyida hal etildi. Qo‘shimcha tekshiruv va keltirilgan vaj-karsonlarga aniqlik kiritishni talab qiladigan 43 ta murojaatlarga ijro muddatlari belgilanib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Sayyor qabul masʼullari o‘rganib chiqqan murojaatlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra, 5 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish, 35 tasi tergov va surishtiruv harakatlari, 9 tasi probatsiyadan muddatidan oldin ozod qilish, 4 tasi pasport masalasi, 3 tasi boshqa masalani tashkil etdi.
Ovorai-sarsongarchiliksiz muammolari hal etilgan fuqarolar qabul aʼzolariga o‘z minnatdorliklarini izhor etishdi. Aholini qiynab kelayotgan muammolarini o‘rganish, o‘z vaqtida ularga yechim topish ortidan jamiyatimizdagi kamchiliklarga barham berish bilan birga xalqimizning davlatimizga, qonunchilikka, adolatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanishi begumon.