5 Iyun 2024 Yil 1231

Imzo – masʼuliyat emas...mi?..

Daryoga qarmoq tashlagan bilan hammaning ham qarmog‘iga laqqa baliq ilinavermaydi. Bahodir qarmog‘iga ilinadigan soddadil, ishonuvchan  odamni qidirib yurardi. Nihoyat niyatiga yetdi. Uncha-munchamas, naq katta bir masʼuliyati cheklangan jamiyatning rahbari qarmog‘iga ilindi. 2023 yilning yanvar-dekabr oylarida uning qo‘lida ishlab ishonchini qozongan Bahodir yengidan kirib yoqasidan chiqishni uddaladi. Qadoqlangan oziq-ovqat, “chaq-chuqlar” savdosi bilan shug‘ullanadigan jamiyatning  birinchi vazifasi – mahsulotlarning yaroqlilik muddati tugamasdan xaridorga yetkazish. Aynan shu unga qo‘l keldi. Tez fursatlarda sotib berish  vaʼdasi bilan  72.555.920 so‘mlik mahsulotlarni olib, suvga tushgan toshdek jim bo‘lib ketdi. Pullarni kutaverib ko‘zlari to‘rt bo‘lgan rahbar avvaliga  chuv tushganiga ishonmadi. Chunki, qo‘lida  firibgar  ixlos bilan jimjimador qilib imzo chekkan yuk xatlari bor edi. Biroq na telefoni javob bermagach, na yashash manzilidan topa olmagach, Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Firibgar qanchalik yashirinmasin, manzillarini  o‘zgartirmasin, tuman ichki ishlar idoralari xodimlari uni topishdi. Yuqoridagi holat yuzasidan Bahodirga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech