23 Noyabr 2024 Yil 452

“Imkoniyat beringlar!”

       Neʼmatilla giyohvand moddalari isteʼmol qilgani, saqlagani uchun 2000-yilda sudning qora kursisiga oʻtirib, oʻn yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Ozodlikka chiqib, tavbasiga tayanmagan Neʼmatilla oʻgʻirlik jinoyati sodir etdi va yana ozodlikdan mahrum etildi. Jinoiy qilmishlari uchun jazosini tortgan Neʼmatilla aqlini yigʻishtirib, oʻz hayot tarzini oʻzgartirishi, toʻrt devor ichida maʼnisiz va zavq-shavqsiz kechgan umriga achinishi lozim edi. Har holda sogʻlom fikrli odam shunday oʻylashi tabiiy. Ammo u oʻz oldiga bunday maqsad qoʻymagan koʻrinadi. Kunli yollanma ish bilan shugʻullanib, topganini yeb-tugatmaguncha ishga chiqmaslikni odat qilgan Neʼmatilla 2023-yilning 20-mart kuni Yangi Oʻzbekiston bogʻiga bordi. Bemaqsad aylanib yurib, quvvatlagichda ulangan holda qoldirilgan narxi 5.000.000 soʻm boʻlgan “Samsung Galaxy A32” uyali telefoniga koʻzi tushdi. Atrofga alangladi. Hech kim yoʻq. Sekin borib uni  quvvatlagichdan uzib choʻntagiga soldi va juftakni rostladi. Telefon egasi, tuman obodonlashtirish korxonasi ishchisi, 1982-yilda tugʻilgan U.Oʻtkir telefonini olishga kelib qarasaki, u joyida yoʻq. U vaqtni boy bermay bogʻda xizmat olib borayotgan ichki ishlar organi xodimiga murojaat qildi. Bu vaqtda Neʼmatilla oʻgʻirlangan telefonning sim-kartasini tashlab yuborib, uni sotish harakatiga tushgandi. Biroq eshik taqillab, ostonada ichki ishlar xodimlari paydo boʻlishganda, u sarosimalanib qoldi. 

       – Muqaddam sudlangan Neʼmatilla tergov jarayonida telefonni oʻgʻirlash niyati boʻlmaganini, qanday qilib olib choʻntagiga solganini bilmasligini aytib, qilmishini izohlab bera olmadi, – deydi Mirzo Ulugʻbek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, katta leytenant Saidazim Husanov. –  “Yana bir imkoniyat beringlar, yoshim ham oltmishga borayapti, kechiringlar”, deya koʻz yosh toʻkdi. Biroq buni ilgariroq oʻylash kerak edi. Shu yoshgacha hayoti haqida jiddiy oʻylamagan odam bu yogʻiga jiddiy oʻylab koʻrarmikan?!

         Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi ochiq sud majlisida 1965-yilda tugʻilgan Neʼmatillaning qilmishini koʻrib chiqib, uni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-modda 4-qismi “b” bandi (“Oʻgʻirlik”) bilan aybli deb topdi. Uning qilmishiga pushaymonligi, yetkazilgan zarar qoplanganligi va jabrlanuvchining daʼvosi yoʻqligi inobatga olinib, shu kodeksning 57-moddasini qoʻllagan holda 4 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech