15 Aprel 2023 Yil 2118

Toshkent shahrining ikki tumanida giyohvandlik vositalarini targ‘ib qiluvchi narkograffiti bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi

Narkograffiti orqali giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar jamoatchilik, ayniqsa, yosh avlod o‘rtasida keng tarqalib, ommalashtirilmoqda. “Dolzarb 15 kunlik” tezkor-profilaktik tadbirlar davomida poytaxt IIBB xodimlari tomonidan giyohvand moddalarni noqonuniy tarqatish, xususan, narkotik moddalarni targ‘ib qiluvchi guruhlarning manzilini yozish holatlarini aniqlash bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Uchtepa tumani IIO FMB xodimlari tomonidan olingan maʼlumotlar asosida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ko‘p qavatli uylar devorlariga narkograffiti yozish bilan shug‘ullangan 31 yoshli Iqboljon Sh. aniqlanib, ushlangan. Ushbu fuqaro xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi va undan 1 dona bo‘yoq idishi va trafaret ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, Yunusobod tumani IIO FMB XPB profilaktika inspektori tomonidan “Tiklanish” mahallasi hududida giyohvand moddalarni sotish bilan shug‘ullanayotgan resurslar manzilini targ‘ib qiluvchi yozuvlarni yozayotgan 27 yoshli Aziz O.ni qo‘lga oldi. Tekshiruv davomida maʼlum bo‘lishicha, Aziz O. internet orqali ushbu ishni topganini tan olgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan bayonnomalar rasmiylashtirilib, qonuniy choralar ko‘rildi.

Hurmatli shahrimiz aholisi va mehmonlari! Uylarimiz devorlarida giyohvand moddalarni targ‘ib qiluvchi graffitilarni yozish holatlari hali ham davom etmoqda. Sizlardan giyohvandlik moddalarni targ‘ib qiluvchi narkograffitilarga guvoh bo‘lsangiz yoki o‘zini shubhali tutgan shaxslarni ko‘rsangiz, darxol quyidagi telefon raqamlar orqali xabar berishingizni so‘raymiz: 71-233-71- 47, 71-233-49-46, 71-206-42-54 yoki 102.

Barcha yangiliklar

Text to speech