22 Noyabr 2025 Yil 241

Ijtimoiy tarmoqlar madaniyatni talab qiladi

Bugungi axborot asri davrida raqamli axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi har bir mamlakat, har bir xonadon, har bir insonning hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Afsuski, uning afzalliklari, foydali, qulayligi, tezkorligi qatorida salbiy tomonlari ham ildiz otib borayotir. G‘araz niyatli, nopok shaxslar raqamli texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyatlaridan o‘z jinoyatkorona qilmishlarini amalga oshirib, mo‘may daromad topish, fuqarolarning, davlat idoralarining mablag‘lariga ko‘z olaytirib, boyib ketish yoki shaxsiy xusumati sabab o‘zga shaxsdan o‘ch olish niyatida halol, pok kimsalarning shaʼni, qadr-qimmatini kamsitish, obro‘sizlantirish yo‘lida foydalanmoqda. Poytaxt hududida o‘tkazilayotgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida Yangihayot tumani IIO FMB xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilgan yana bir jinoyatning fosh etilishiga erishildi. Joriy yilning 18 oktyabridan tumanda istiqomat qiluvchi 1985 yilda tug‘ilgan M.Rahmonalining shaxsiy akkauntiga nomaʼlum shaxslar tomonidan uning shaʼniga nisbatan haqoratli, qadr-qimmatini kamsituvchi, tahqirlovchi xabarlar, turmush o‘rtog‘i shaʼniga tuhmat aralashgan yozuv va izohlar, montaj yo‘li bilan tayyorlangan axloqsiz videotasvirlar joylashtirila boshlangan. Fuqaro m.Rahmonalining murojaatiga asosan tuman IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi (“Tuhmat”) va 140-moddasi 2-qismi (“Haqorat qilish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. To‘plangan hujjatlar bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari natijasida ushbu harakatlarni sodir etgan fuqarolar gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hurmatli fuqarolar, unutmang! Tuhmat qilish, yaʼni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shuningdek haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash kabi xatti-harakatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra javobgarlik belgilangan.

Barcha yangiliklar

Text to speech