Toshkent shahar IIBB xodimlari uchun qadimiy Xorazmga sayohat uyushtirildi
Toshkent shahar IIBB rahbariyati tashabbusi bilan hamda poytaxt ichki ishlar xodimlari Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan Bosh boshqarma tarkibiy bo‘linmalarida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jinoyat ishini fosh etish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlashda faol ishtirok etgan bir guruh xodimlar uchun qadimiy Xorazm vohasiga sayohat tashkillashtirildi.
To‘rt kun davomida sayohat ishtirokchilari ko‘hna Urganch va Xiva shaharlaridagi ko‘plab noyob diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurish imkoniga ega bo‘ldilar. Sayohat Xivaning qadimiy obidalaridan sanalmish Ichan Qalʼadan boshlandi. Ichan Qalʼa obidasi Xiva shahrining Dishan qalʼa qismidan kungurador devor bilan ajratilgan. U Xiva rabotidan baland qo‘rg‘ontepaga o‘xshab qurilgan. Ichan qalʼa 4 darvozadan iborat.
Xodimlar Xivaning bir necha diqqatga sazovor joylari bo‘lgan Ollaqulxon madrasasi, Qutlug‘ Murod Inoq madrasasi, Sherg‘ozixon madrasasi, Pahlavon Mahmud maqbarasi bilan qisman tanishdilar. sayohat davomida yo‘lboshchilar so‘zlab bergan qiziqarli maʼlumotlardan go‘yoki tarix jonlangandek bo‘ldi, ayniqsa Juma masjidida o‘rnatilgan bir biriga o‘xshamaydigan ustunlar haqidagi maʼlumotlar barchani eʼtiborini tortdi. Qadimiy obidalarni ko‘rib kishining ko‘zi quvnaydi, inson qanchalik boy tarixga ega bo‘lgan yurt farzandi ekanligidan yurakda faxr tuyg‘usi uyg‘onadi.
Ushbu sayohatdan xodimlar o‘zlari uchun juda katta maʼnaviy ozuqa bilan birgalikda o‘zlari uchun yangi bo‘lgan maʼlumotlarga xam ega bo‘lishdi.