18 Iyun 2024 Yil 1171

Ichkilik – illat, keltirar – kulfat

2023 yilning avgust oyida Jamolxon tanishi Hamdambekni ko‘chada uchratib qoldi. Salom-alikdan so‘ng suhbat oiladagi yetishmovchilik, turmush qiyinchiliklari haqida ketdi.


 – Hayotga bir marta kelamiz. Yuring, bir gurunglashaylik! Mening ham ichimda dardlarim ko‘p, – deya  Jamol Hamdamni yaqin atrofdagi oshxonaga taklif qildi.


        Yo‘l-yo‘lakay ikkovlon bir shisha spirtli ichimlik xarid qilishdi. Garchi oshxonada ko‘rga hassadek katta-katta harflar bilan “Spirtli ichimliklar olib kelish, ichish taqiqlanadi”, degan ogohlantiruvlar bo‘lishiga qaramay,  stol tagidan quyib icha boshlashdi.  Vaqt o‘tib, ikkisining ham kayfi oshib, uzun-qisqa bo‘lib ko‘chaga chiqishdi. Issiq taʼsir qildimi yoki ichiga kirgan “shayton suvi” qilmishini boshladimi, zumda gapi-gapiga to‘g‘ri kelmay qoldi. Jamol uni taom uchun pul to‘lamagani bois pastlikda aybladi. “Hali men past bo‘ldimmi? ”, deya Hamdam unga hezlandi. Jamol yoshroq emasmi chap berib, yuziga musht tushirdi. Gandiraklab yiqilgan Hamdam o‘rnidan tura olmasligiga ko‘zi yetib, uning oyog‘ini tishladi. Jamol harchand oyog‘ini tortmasin, changakdek yopishgan Hamdamning tishlaridan oyog‘ini tortib ololmasdi. Hamdam jon-jahdi bilan tishlarini uning oyog‘iga botirar, Jamol esa harchand urinmasin sug‘urib ololmasdi. Jamol yerda yotgan g‘ishtni olib bor kuchi bilan Hamdamning boshiga ura ketdi. Agarda yon-atrofdagilar uni to‘xtatmaganida, tez tibbiy yordam va ichki ishlar xodimlarini chaqirmaganida Hamdamning holiga voy edi. Shunga qaramay Hamdam bir umrga majruh bo‘lib qoldi.


         – Ichkilik hech qachon yaxshilik olib kelmagan, garchi eng yaqin insonlar bilan ichilganda ham, – deydi ushbu jinoyat ishini yuritgan Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi  tergovchisi, leytenant Javoxir Yoqubboyev. – Bu borada tergov amaliyotida yuritilgan aksariyat jinoiy ishlar guvohlik beradi. Birinchi qadahdan so‘ng tovusga, keyingilarida maymunga, arslonga va nihoyat to‘ng‘izga aylanganlik haqidagi misollar bejizga keltirilmagan.


        Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi Jamolning Hamdamga hayoti uchun  xavfli bo‘lgan tan jarohati yetkazganligi bo‘yicha jinoyat ishini  ko‘rib chiqdi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasida (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topib,  to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.


       Avvalida gurunglashish, bir-birlarining kayfiyatini ko‘tarish, maʼnaviy dalda bo‘lish niyatida boshlangan uchrashuv har ikkisi uchun ana shunday ayanchli tugadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech