17 Oktyabr 2024 Yil 66

Ibrat olishga arzigulik

Respublikamizda ichki ishlar organlari faoliyatini chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Ichki ishlar organlari xodimlari hududlarda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, fuqarolarning xavfsiz va emin-erkin hayot kechirishi, mehnat qilishi, hordiq chiqarishi uchun tunu kun el xizmatida. Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish ishiga hayotini bag‘ishlagan xodimlar haqida gap ketganda, podpolkovnik Ilhom Xolmirzayevning bu yo‘ldagi fidoyi xizmatlarini taʼkidlamay iloj yo‘q. Ilhom Xolmirzayev ichki ishlar idoralarida ilk xizmatini 1991 yilda Yakkasaroy tumani IIB huzuridagi “Qo‘riqlash” bo‘limida safdorlikdan boshlagan. Ustozi starshina Husan Magdiyevdan kasbning sir-asrorlarini o‘rgandi va uning maslahatiga quloq tutib, oliy o‘quv yurtining sirtqi bo‘limiga hujjatlarini topshirdi. Xizmat va o‘qishni uyg‘unlikda olib borgan lavhamiz qahramoni Toshkent davlat universitetini muvaffaqiyatli tamomlaganda, ancha tajriba va malakaga ega bo‘lgan munosib nomzodga aylangan edi. Undagi yoshlik shijoati, o‘qib-o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq, ishchanlik va xushmuomalalik rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmadi. Ilhom profilaktika xizmatiga o‘tkazildi. Bu sohaning tajribali va malakali profilaktika inspektori mayor Tohir Maqsudov, bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Muhiddin Pirovlarni ustozlari sifatida iliqlik bilan tilga oladi. Bilimga tirishqoq, o‘z  vazifalariga sidqidildan yondashgan Ilhom Xolmirzayev  xizmat pillapoyalaridan bosqichma-bosqich ko‘tarilib bordi. Bugungi kunda  Yakkasaroy tumani IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i  o‘rinbosari lavozimida xizmatni davom ettirib kelmoqda. Mazkur bo‘limga tumanning 6 ta mahallasi biriktirilgan. Mahallalarda  36 mingdan ortiq turli millat vakillaridan iborat aholi tinch-totuv, ahillikda istiqomat qilib kelyapti. Mahallalarning raislari, ko‘chaboshi va uyboshilar xodimlar bilan hamkorlikda hududlarda jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida targ‘ibot, tushuntirish tadbirlarini olib borishyapti. Bu ishda ayniqsa, tumanning “Abdulla Qahhor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Feruza Yusupovaning jonkuyarligi, mahalla ahlining tinchligi-osoyishtaligi yo‘lida tinib-tinchimasligini eʼtirof etish lozim. Mahalla faollarining birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli  mahallalarning biri  yashil, to‘rttasi sariq toifaga kiritildi. Lekin afsuski, bittasi qizil toifada. Taʼkidlash joizki, barcha kuch-vositalar mazkur mahalladagi holatni yaxshilashga qaratilgan. Mahalladagi huquqbuzarlarga taʼsirchan choralarni qo‘llash, jamoatchilik, yoshlar-o‘smirlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarni ota-onasi ishtirokida muhokama qilish, sayyor sudlar tashkillashtirish va boshqa ogohlik, hushyorlikka chaqiruvchi tadbirlar mahallaning telegram kanallari orqali uzatib borilyapti.

Podpolkovnik I.Xolmirzayev o‘ttiz uch yildan ortiq xizmati davomida ko‘plab shogirdlar yetishtirdi. Ular ichki ishlar organlarining turli sohalarida benuqson xizmat olib borishyapti. Ularning ichida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilib kelayotganlari ham talaygina. Qahramonimiz o‘z fidoyi xizmatlari uchun Respublika IIV, poytaxt IIBB rahbariyati tomonidan ko‘plab faxriy yorliqlar, tashakkurnomalar, pul mukofotlari bilan taqdirlangan. Kecha safdorlikdan ish boshlagan tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan xodim bugun – podpolkovnik, bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari – buning ortida o‘ttiz uch yildan ortiq mashaqqatli xizmat yillari, o‘qish-o‘rganish, izlanish bor. I.Xolmirzayevning xizmat faoliyati yosh xodimlar uchun albatta, ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. 

Barcha yangiliklar

Text to speech