Yurtimizda qish. Qorli-qirovli kunlar boshlanib, uylar, bolalar muassasalari, o‘quv dargohlari, korxona-tashkilotlar, inshootlarni isitish, yo‘llar, trotuarlarni qor-muzlardan tozalash ishlari mutasaddilardan katta e’tiborni talab qiladi. Qish mavsumining talofatsiz, ko‘ngilsizliklarsiz o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar hokimi, prokurori, IIBB, soliq boshqarmasi hamda boshqaruv servis kompaniyalari, obodonlashtirish hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamkorligida bir qator poytaxt tumanlaridagi holatlarni o‘rganish ishlari olib borildi. Aholining qishki mavsumda elektr energiyasi, isitish moslamalariga bo‘lgan ehtiyoji, yoqilg‘i-yonilg‘i mahsulotlarining zaxirasi, yo‘lovchilar hamda transport vositalarining yo‘llarda xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, bekatlarda kutib qolish holatlarining oldini olish, yog‘ingarchiliklardagi noqulay holatlarga barham berish masalalari atroflicha o‘rganilib, bu boradagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha maxsus texnik vositalari, zaruriy jihozlar, xizmat ko‘rsatish maxsus texnikalari, yo‘lovchi tashish avtoulovlarining shayligiga e’tibor qaratildi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar, kasalxona, bolalar muassasalarida elektr ta’minoti hamda isitish moslamalarida uzilishlar bo‘lmasligiga, yong‘in xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratildi. O‘rganishlar jarayonida aniqlangan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, zarur topshiriqlar berildi. Shuningdek, xonadonlar, bog‘cha, maktab, shifoxonalarni isitish bilan bog‘liq hamda yo‘lovchi tashish, yo‘llarni harakatlanish uchun bexatar qilishda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganida, ehtiyot choralarini ko‘rish, ularni tezkor bartaraf etish masalalari belgilandi. Bu kabi poytaxtimizning barcha tumanlarida qish mavsumini talofatlarsiz, ko‘ngildagidek o‘tkazish borasidagi ishlar o‘rganilib, kamchiliklarni bartaraf etish, hamda oldini olish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.