Miradham 30 yoshlarni oralagan bo‘lsa-da, foydali mehnat bilan shug‘ullanish haqida o‘ylamadi. Buning o‘rniga tanish-bilishlarini ishga solib, Toshkent tumanida katta yer maydoni borligi, bog‘-rog‘, ferma qurish, mol boqish uchun qulay ekanligi haqida ovoza tarqatdi. Soxta eʼlonga rosmana ishonuvchanlar ham topildi. 1981 yilda tug‘ilgan Raʼno yerga xaridor chiqdi. Miradham uni o‘zgaga tegishli bo‘lgan, o‘ziga hech qanday aloqasi bo‘lmagan qarovsiz yotgan yer maydoniga yetaklab bordi. Egasi kimligini o‘zi ham bilmaydigan yerni 32.000 AQSH dollariga baholadi. Raʼno boshlang‘ich to‘lov sifatida 26.000 AQSH dollarini butun avgust-sentyabr oyi bo‘lib-bo‘lib to‘lab bordi. Qolganini notarius orqali qonuniylashtirilgach to‘lashini aytdi. 2023 yilning oktyabrida aslida Miradhamga tegishli bo‘lmagan yer maydoni qonuniy rasmiylashtirilishi kerak edi. Biroq Miradham har safar bu jarayonni ortga suraverdi, nihoyat telefonni ko‘tarmay ham qo‘ydi.
– Jabrlanuvchi quruq yer maydonini ko‘rgan xolos, ammo uning hujjatlarini so‘ramagan, yer kimning nomida, umumiy maydoni qancha, qaysi idora tomonidan qanday hujjatlashtirilganligiga qiziqmay, ko‘r-ko‘rona vaʼdalashgan va bo‘lib-bo‘lib pulini to‘lab borgan, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Tojiddin Toshpo‘latov. – Aslida notarius orqali qonuniy rasmiylashtirilgach pul oldi-berdisi amalga oshirilsa, to‘g‘riroq bo‘lardi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi ochiq sud majlisida Miradhamning qilmishini ko‘rib chiqib, qonuniy baho berdi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning muqaddam sudlanmaganligi, aybiga to‘la iqrorligi, pushaymonligi, keltirilgan zararni to‘liq qoplaganligi, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi inobatga olinib, kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, yaʼni 33 million so‘m jarima jazosi tayinlandi.